Jahon

“Rosatom” Qozog‘istonda yangi AES quradi. Bu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytiradimi?

Moliyaviy qiyinchiliklar fonida “Rosatom” Qozog‘istonning “Balxash” AESini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

“Rosatom” Qozog‘istonda yangi AES quradi. Bu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytiradimi?



Rossiyaning strategik ahamiyatga ega davlat korporatsiyalaridan biri bo‘lgan “Rosatom” “Qozog‘iston atom elektr stansiyalari” MChJ (KAES) bilan Qozog‘istondagi “Balxash” atom elektr stansiyasida umumiy quvvati 2 400 MVt bo‘lgan ikkita energoblokni qurish bo‘yicha EPC-shartnomani imzoladi.



“Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov va Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi raisi Almasadam Satkaliyevning avvalgi bayonotlariga ko‘ra, “Rosatom”ning tegishli litsenziyani olishi va AES qurilishini boshlashi 2027-yilda kutilmoqda. Stansiyani foydalanishga topshirish esa 2030-yillarning o‘rtalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Lixachyov may oyida stansiyani faol qurish ishlarini 2027-yilda boshlash kutilayotganini, foydalanishga topshirish esa bosqichma-bosqich amalga oshirilishini aytgan.



Yaqin vaqt ichida “Rosatom” loyihalash ishlarini yakunlashi va uskunalar yetkazib beruvchi kompaniyalardan iborat xalqaro konsorsiumni shakllantirishi kerak. Bu haqda “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov ma’lum qilgan.


Hozirda “Rosatom” bo‘lajak AES quriladigan maydonda muhandislik-qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Korporatsiya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ishlar 2027-yilda yakunlanadi. Shundan so‘ng muhandislar energobloklarni qurishni boshlash uchun zarur ruxsatnomalarni olish imkonini beradigan hujjatlarni tayyorlashga kirishadi. Muhandislik-qidiruv ishlari 2025-yil avgustida boshlangan bo‘lib, maydonda 60 dan ortiq burg‘ilash quduqlari qazilgan.


“Rosatom” 2025-yilda Qozog‘iston bilan VVER-1200 tipidagi ikkita atom energoblokini qurish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan edi. Rossiya davlat korporatsiyasi ushbu loyihani amalga oshiruvchi xalqaro konsorsium rahbari etib ham belgilangan.



“Rosatom”ning moliyaviy holati loyihaga ta’sir qilishi mumkinmi?



2026-yil 17-iyul kuni Eurasianet nashrining yozishicha, “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov kompaniya “og‘ir iqtisodiy sharoit” sababli joriy yilda investitsiya dasturini qariyb 50 foizga qisqartirishini ma’lum qilgan. Lixachyov, shuningdek, kelgusi 18 oy ichida operatsion xarajatlarni 10 foizga kamaytirishga harakat qilinishini aytgan.



Eurasianet kompaniyaning moliyaviy qiyinchiliklarini Rossiyaning Ukrainadagi urushi va unga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalar fonida ko‘rib chiqadi. Nashrning qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va sanksiyalar mamlakat iqtisodiyotiga hamda ayrim kompaniyalarning faoliyatiga bosim o‘tkazmoqda.



Nashrning yozishicha, “Rosatom”ning investitsiya dasturini qisqartirishi Markaziy Osiyoda, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi yadro energetikasi loyihalarining kelajagi yuzasidan savollarni kuchaytirgan. Biroq kompaniya rahbariyati aynan qaysi loyihalar qisqartirilishi yoki kechiktirilishini ochiqchasiga ma’lum qilmagan. Shu sababli Qozog‘iston yoki O‘zbekistondagi loyihalar albatta kechiktiriladi, degan xulosaga kelish uchun hozircha yetarli asos yo‘q.



“Bu — Qozog‘istonga kiritilgan uzoq muddatli investitsiya”



Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Muxtor Nazirovning fikricha, “Rosatom” va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangan shartnoma Qozog‘iston manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilmoqda. Siyosatshunos bu loyihani mamlakatga kiritilayotgan uzoq muddatli investitsiya sifatida baholadi.

 

                             

 

“Bu atom elektr stansiyasini qurish — bu uzoq muddatli investitsiya, uzoq muddatli hamkorlik degani. Atom elektr stansiyasini qurmoqchi bo‘lgan mamlakat uni qurayotgan mamlakat bilan do‘stona yoki eng kamida strategik munosabatlarga ega bo‘lishi kerak. Qozog‘iston, biz o‘ylayotgandek, Rossiyani katta xavf manbayi sifatida ko‘rmaydi. Va mana shu loyihalarni oxiriga yetkaza olishiga aqli yetganidan mana shu loyihada ishtirok etishni qabul qilmoqda”, — deya Zamon.uz'ga intervyu berdi.

 

Siyosatshunosning fikricha, Rossiya-Ukraina urushi “Rosatom”ning loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari va reputatsiyasiga, shuningdek, Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biroq uning fikricha, “Rosatom” Rossiyaning raqobatbardosh sohalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

 

“Bu sohadagi ularning tajribasi, ayniqsa, yadro energetikasini rivojlantirish, uni ilm-fan darajasida rivojlantirish borasida o‘ziga xos ustunliklari bor. Yoki “Rosatom”da mavjud bo‘lgan o‘zlarining reaktorlari bor. Unaqa reaktorlar boshqa kompaniyalarda yo‘q. Shuning uchun “Rosatom” bilan bog‘liq loyihada xavf emas, demoqchiman.
Lekin buning qurilishi atrofidagi mana shu gaplar xavfliroq. Demak, Rossiya bilan hozir hamkorlik qilsangiz, ertaga bundan foydalanadi, keyin sizga bosim o‘tkazadi. “Rosatom” elektr stansiyasining qurilish xarajati oshib ketganidan keyin u mamlakatni, iqtisodiyotini orqaga tortib, Rossiyaga bog‘liq qilib qo‘yadi, rivojlana olmaydigan davlatga aylantirib qo‘yadi, degan xavotirlar bor”, — degan Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Muxtor Nazirov.



Uning fikricha, bunday xavotirlarga ham o‘rin bor. Chunki Rossiya aynan Qozog‘istonning energetik muammosini hal etishda o‘zida mavjud bo‘lgan va boshqa muqobil loyihalarda bo‘lmagan taklifni beradigan bo‘lsa, mamlakat buni qabul qilishi mumkin. Lekin Rossiya siyosiy shartlarni aralashtirmagan holda ishtirok etayotgan bo‘lsa, buni ham qabul qilish mumkin.



Muxtor Nazirov ushbu hodisa fonida “Nega shu vaqtga qadar Markaziy Osiyo mamlakatlari atom elektr stansiyasini, bu energetika turini rivojlantira olmadik?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

 

“Balki urush Rossiyani ko‘proq bu boradagi hamkorlikni amalga oshirishga rag‘batlantirgandir. Rossiyaning ko‘proq dunyoga ochilishiga yordam bergandir mana shu sohada. Shu tarafdan ko‘rish kerak, mening fikrimcha.
Men texnik jihatlarini ham ko‘rdim, ba’zi o‘sha reaktorlarini. Nega Rossiyaniki nisbatan raqobatbardosh? Ya’ni Rossiyada, bilasiz, ko‘plab sanoat sohalari avval harbiy maqsadlarda ishlab chiqarilib, keyin fuqarolik maqsadlariga o‘tgan. Va harbiy maqsadlarda ishlab chiqarilgani uchun, ayniqsa, bitta reaktor haqida gapiradigan bo‘lsak, masalan, O‘zbekistonda qo‘yiladigan kichik reaktorlar — u o‘sha muz yoruvchi katta kemalar, ya’ni atomli muzqaymoq kemalarida ishlatilgan ekan. Ya’ni bu avvalo harbiy maqsadlarda ishlab chiqilgan va yillar davomida o‘zini oqlagan reaktorlar. Buni keyinchalik fuqarolik reaktoriga aylantirishgan va ayniqsa O‘zbekistonda qurilayotganini eksperimental deyishyapti. Ya’ni kichik va katta reaktorning bir gibridi sifatida ko‘rishyapti.

Qozog‘istonning tabiiy sharoitlari O‘zbekistonga nisbatan yaxshiroq: tekislik, cho‘l, keyin o‘sha ko‘l ham bor. Va bu Qozog‘istonga nima beradi? Birinchi o‘rinda, shu energetika sohasini o‘rganish imkonini beradi. Masalan, energetik obyekt qurilgandan keyin kadrlar tayyorlanadi, uni ekspluatatsiya qilinadi. Bu ilmiy soha-ku. O‘sha sohalar paydo bo‘ladi, ya’ni yadro energetikasi sohasi tibbiyotda ham qo‘llanishi mumkin, sanoatda qo‘llanishi mumkin va hokazo. O‘sha sohaning rivojlanishiga turtki beradi. Mana shu tarafdan qaraganda, menimcha, maqsadga muvofiq deb o‘ylayman”, — deydi siyosatshunos Muxtor Nazirov.



“Rosatom” — mamlakatlarga bosimmi?



“Bilim karvoni” nodavlat notijorat ilmiy muassasasi direktori, Toshkentdagi Webster universiteti professori Farhod Tolipovning zamon.uz'ga bergan qisqa intervyusida Rossiya tomonidan amalga oshiriladigan loyihaning qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, u imperialistik siyosatning bir ko‘rinishi hisoblanishini ma'lum qildi.

 

                   

 

“Ayniqsa, yirik-yirik loyihalarga qaraganda, bittagina AES orqali emas, boshqa loyihalar, boshqa kontraktlar, biznes tomonidan ham qilinayotgan ishlar u yoki bu darajada, u yoki bu shakl va ko‘rinishda Rossiya tomonidan bosim qilishga xizmat qiladi. AESga kelganda, bu eng katta omil yoki eng katta ko‘rinishda namoyon bo‘layotgan bosim siyosati.

 

Shuning uchun masala kengroq. Va albatta, bu juda ham, bir tomondan, Rossiya yoki boshqa qaysidir davlat amalga oshirayotganidan qat’i nazar, hattoki o‘zi xavfli obyekt hisoblanadi. Qozog‘istonda, ayniqsa O‘zbekistonda bizning ekologlarimiz, mutaxassislarimiz, hattoki yadroviy fizika sohasida mutaxassis bo‘lgan olimlar, fiziklar bunga qarshi chiqqan. Biz bir necha marotaba tahlil qilib, o‘sha mutaxassislar bilan uchrashib tahlil qilganimizda, mana shu munosabatga kelgan edikki, deyarli hech qaysi jamoatchilik vakili AES umuman obyekt sifatida, atom elektr stansiyasi sifatida bizga kerak, deb aytgan bo‘lsa”, — dedi Farhod Tolipov.



Siyosatshunos Rossiya tomoni qurayotgan bu obyektda ishlaydigan o‘zbek mutaxassislari yo‘qligini ta’kidladi.


“Rossiyaning O‘zbekiston, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlarda amalga oshirayotgan shu kabi loyihalari tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu yerda ham muammoli holatlar ko‘p bo‘lgan ekan. Obyektning narxi qancha turishidan boshlab, qurish jarayonida uning narxi bir necha karra oshib ketgan holatlarigacha, umuman, qurilish jarayonida turli muammolar yuzaga kelgan loyihalargacha qarasak, boshqa xabarlar kelyapti. Bu obyektlar o‘sha davlatlarda ham shubha uyg‘otyapti.



Bizda ham xuddi shunga o‘xshagan xavflar, risklar yo‘q emas. Narxning oshib ketishi. O‘zi 10 milliard, 20 milliard dollar turadigan obyektning narxi yana oshib ketsa, O‘zbekistonning tashqi qarzi va davlat moliyasiga qo‘shimcha bosim tushishi mumkin. Endi bu obyekt qanaqa bo‘larkin, degan ko‘plab shunga o‘xshash savollarni qo‘yish mumkin”, — dedi Farhod Tolipov.



Siyosatshunosning aytishicha, u o‘zining “Bilim karvoni” markazida AES masalasi bo‘yicha seminar va konferensiya o‘tkazgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, unda mutaxassislar AES qurilishi masalasiga tanqidiy yondashgan va O‘zbekistonda bunday obyekt qurish maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelgan.



“Albatta, qaram bo‘lish ehtimoli juda ham katta, chunki biz Rossiyaga to‘la-to‘kis mana shu energetika sohasida qaram bo‘lib qolgan bo‘lamiz. Nima demoqchiman to‘la-to‘kis? AESdan tashqari, biz hozir gazni ham Rossiyadan sotib olyapmiz. O‘zimizning gazni shu palapartish kontraktlar bilan Xitoyga sotib, o‘zimizda yetishmovchilik bo‘lganligi uchun uni ham Rossiyadan sotib olyapmiz. Ya’ni butun energetika sohamizda, energetika ta’minotida bu safar gaz, bu safar endi Rossiya bu pozitsiyalarni egallab yotibdi-da. Demak, har qanaqa yo‘llar bilan, richaglar bilan... Mana shu energetika — bu hayotiy soha-ku! Axir odamlarning hayoti yoki butun davlatning, mamlakatning hayot-mamot masalasi — energetika. Shuning uchun bu soha Rossiyaning qo‘liga o‘tar ekan yoki Rossiya bu sohaga katta ta’sir qila olar ekan, albatta, uning bevosita yoki bilvosita bosim qilish ehtimoli ham mavjud”, — degan siyosatshunos.



O‘zbekistonda vaziyat qanday?



O‘zbekistondagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Gulruxsor Ravshanova Zamon.uz’ga “Rosatom”dagi moliyaviy qiyinchiliklar O‘zbekistondagi loyihalarga ta’sir etmaganini va rejalashtirilgan loyihalar o‘z vaqtida davom etayotganini ma’lum qildi.



Hozirgi vaqtda O‘zbekiston “Rosatom” bilan hamkorlikda Jizzax viloyatining Forish tumanida qiymati 9,5 milliard dollar bo‘lgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni loyiha va unga yondosh “atomchilar shaharchasi” qurilishi bilan tanishdi.



Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, stansiyada ishlatiladigan mahsulot va uskunalarning 21 foizi, ya’ni taxminan 1,9 milliard dollarlik qismi O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Prezident bu ko‘rsatkichni yetarli emas deb baholab, mahalliylashtirish darajasini kamida 30 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.



Shuningdek:
• qurilish-montaj ishlarining 65 foizini mahalliy kompaniyalar bajarishi kerak;

• qurilish jarayoniga 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassis jalb qilinadi;

• Forish tumanida 200 gektarlik sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi;

• sanoat zonasida kamida 100 ta qo‘shma korxona tashkil etish va 15 yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.



AESning tashqi infratuzilmasi uchun 388 kilometr elektr tarmoqlari, 21 kilometr ichimlik suvi, 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil va 11 kilometr temir yo‘l quriladi. Ushbu infratuzilma loyihalarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.


AES qurilishi bilan birga 200 gektar maydonda atom energetikasi sohasi mutaxassislari va ularning oilalari uchun shaharcha ham barpo etilishi rejalashtirilgan.



Jahon Yadro Assotsiatsiyasi bosh direktori Sama Bilbao y León Zamon.uz jurnalisti Shohjahon Majidovga O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida amalga oshirilayotgan AES loyihasi bo‘yicha qisqa intervyu berdi. Euronews’ga bergan intervyusida ham Bilbao y León rivojlantirish rejasini mamlakatda elektr energiyasiga talabning ortishi va tabiiy gazdan foydalanish ulushini kamaytirish istagi bilan izohlagan.



U O‘zbekistonning atom energetikasi dasturini boshlayotganini yuqori baholab, “Rosatom” atom energetikasi sohasida katta tajribaga ega kompaniya ekanini aytdi.

“O‘zbekistonning atom energetikasi dasturini boshlayotgani juda yaxshi. Biz bir necha hafta oldin loyihada birinchi beton quyilishi bilan qurilishning dastlabki bosqichini boshladik.

Ha, siz to‘g‘ri aytdingiz, bu “Rosatom” bilan amalga oshirilayotgan loyiha. “Rosatom” atom energetikasi sohasida katta tajribaga ega kompaniya. Ma’lumki, “Rosatom” hozir Rossiyada atom elektr stansiyalarini qurmoqda. Bundan tashqari, kompaniya Bangladesh, Turkiya, Misr va Belarusdagi atom energetikasi loyihalarida ham faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston va Hindistondagi atom elektr stansiyalari loyihalarida ham ishtirok etmoqda.

Shu sababli, uning xalqaro miqyosda tan olingan, obro‘li va katta tajribaga ega kompaniya ekanini ko‘rish mumkin. Albatta, dunyoda boshqa yirik atom energetikasi kompaniyalari ham bor. Masalan, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada.

Demak, dunyoda bu sohada faoliyat yuritayotgan ko‘plab davlatlar bor. Shunchaki, O‘zbekiston ayni paytda “Rosatom” bilan hamkorlik qilmoqda”, — dedi Jahon Yadro Assotsiatsiyasi bosh direktori.

custom img

Dehlida talabalar yashaydigan bino qulab, 6 kishi halok bo‘ldi

Hodisaga sabab sifatida binoning yerto‘lasida suv to‘planishi va taʼmirlash ishlari ko‘rsatilgan.

custom img

Tramp Hurmuz bo‘g‘ozi va Oyni AQSHga tegishli deb atadi

AQSH prezidenti Truth Social‘da Hurmuz bo‘g‘ozi suratini “Qo‘shma Shtatlarning yangi hududi”, Oyni esa “bizniki” degan postlarni eʼlon qildi.

custom img

Tramp Putin va Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashishi kutilmoqda

AQSH ma’muriyatining Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik paketi ustida ishlayotgani aytilmoqda.

custom img

Mayami xalqaro aeroportida Боэинг yuk samolyoti halokatga uchradi: 5 kishi halok bo‘ldi

Yuk samolyoti qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, avtomobillarga urilgan.

custom img

Indoneziyada vulqon otilishi sabab 8 ta aeroport yopildi

Vulqon kullari tarqalishi oqibatida Jakarta va Bali aeroportlarida aviaqatnovlar cheklanib, ayrim reyslar bekor qilindi.

custom img

Lavrov Germaniyani Rossiyaga qarshi “haqiqiy urush boshlash”da aybladi

Germaniyaning Rossiya maxsus xizmatlarini Leypsig/Halle aeroportidagi dron hujumiga aloqadorlikda ayblagani Lavrovning tanqidiga sabab bo‘ldi.

custom img

Kongo DRda to‘y marosimida yong‘in chiqib, 22 kishi halok bo‘ldi

Kongo bosh vazirining o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri voqea joyiga tashrif buyurgan.

custom img

AQSh Eronga tankerlar flotini to‘liq yo‘q qilish bilan tahdid qildi

AQSH urush vazirining so‘zlariga ko‘ra, Eronning tankerlar floti himoyasiz.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"