Suyultirilgan gaz ta’minoti tizimi isloh qilinadi
Yangi tizimda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga gaz xaridi uchun kompensatsiya to‘lash, yetkazib berishni raqamlashtirish va taqsimotda shaffoflikni oshirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Taqdimotda suyultirilgan gaz resurslari va taqsimoti, amaldagi yetkazib berish tizimi, narx shakllanishi, subsidiyalar hamda ularning aholiga ta’siri tahlil qilindi.
Bugungi kunda mamlakatda qariyb 3,8 million aholi va 2 mingga yaqin ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gazdan foydalanadi. Joriy yilda ularning ehtiyojlari uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, amaldagi tizimda ayrim muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, ayrim hududlarda gaz belgilangan muddatlarda yetkazib berilmayapti. Natijada fuqarolar qo‘shimcha ehtiyojini bozor narxlarida xarid qilishga majbur bo‘lmoqda. Tahlillarga ko‘ra, suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq kutayotgan iste’molchilar ulushi 22 foizni tashkil etadi.
Davlat rahbari tizimni takomillashtirishda, eng avvalo, aholi manfaatlarini ta’minlash, gazni o‘z vaqtida yetkazib berish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda suyultirilgan gaz ta’minotini bosqichma-bosqich isloh qilish taklif qilinmoqda. Jumladan, “Hududgazta’minot” ta’sischiligida “LPG-Trade” MChJni tashkil etish va unga suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilish hamda iste’molchilarga yetkazib berish vazifasini yuklash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etilishi taklif qilinmoqda. Bu orqali umumiy subsidiyalardan bosqichma-bosqich voz kechib, davlat mablag‘larini bevosita ehtiyojmand oilalarga yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Ijtimoiy soha obyektlariga suyultirilgan gazni birja narxlarida yetkazib berish va aholiga belgilangan narxda sotishdan yuzaga keladigan tafovutni respublika budjeti hisobidan qoplash tartibi ham taklif etilmoqda.
Tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy operatorlarni jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshiriladi. Kelgusida ushbu tajribani boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Prezident mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qat’iy yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, taqsimotda shaffoflikni ta’minlash, sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, gazni saqlash va tashish jarayonlarida xavfsizlik talablariga rioya etish hamda xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish vazifalari belgilandi.
Islohotlar natijasida suyultirilgan gaz ta’minotida shaffof va barqaror tizimni shakllantirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish, xizmat sifatini oshirish va budjet mablag‘laridan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimot davomida Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining tashqi infratuzilmasi hamda unga yondosh shaharcha qurilishi bo‘yicha 2-sentabr kuni berilgan qo‘shimcha topshiriqlar ijrosi yuzasidan ham axborot berildi.








