4,25 mln dollarlik kelishuv: bank xodimi 100 ming dollar olayotganida qo‘lga tushdi
U 16,05 gektar yer va hokimlik zaxirasidagi 4 gektar maydonni rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan.

Toshkent viloyatida nufuzli banklardan birining mintaqaviy markazida ishlovchi bo‘lim boshlig‘i 100 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijalariga ko‘ra ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bankning viloyatdagi mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i noqonuniy kelishuvga kirishgan.
U 2024-yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn-auksion orqali o‘zining otasiga chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi asosida sotilgan, Quyichirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonini sotish hamda hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u xaridordan jami 4 mln 250 ming AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida bank xodimi so‘ralgan mablag‘ning 100 ming AQSH dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








