Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga o‘zbek milliy ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi
AQSh Prezidenti Vashingtonda o‘rnatilgan o‘zbek milliy ayvonlarini yaratgan hunarmandlarning mahoratini yuqori baholab, ularni haqiqiy iste’dod sohiblari deb atadi.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan o‘zbek milliy ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Trampning qayd etishicha, o‘tgan hafta O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va AQSh ichki ishlar vaziri Dag Burgum ishtirokida ayvonlar taqdimoti o‘tkazilgan. Marosim vaqtida uning «Marine One» vertolyotida ushbu inshootlar ustidan uchib o‘tishi alohida sharaf bo‘lgan.
AQSh Prezidenti o‘zbek ustalarining mahorati va mehnatini yuqori baholab, ayvonlar 200 yillik tog‘ yong‘og‘i yog‘ochidan tayyorlanganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hunarmandlar inshootlarni barpo etish uchun bir necha oy davomida oilalaridan uzoqda bo‘lib, noqulay ob-havo sharoitida ham mehnat qilgan.
Tramp ayvonlarni shaxsiy mulk sifatida saqlab qolish o‘rniga, jamoatchilik foydalanishi uchun taqdim etishga qaror qilganini bildirgan. Hozirda ular Vashingtondagi Tidal Basin suv havzasi sohilida, Jefferson memoriali va Vashington monumenti ko‘rinib turadigan hududda joylashtirilgan.
AQSh Prezidentining ta’kidlashicha, bir yildan so‘ng Milliy qahramonlar bog‘i ochilishi bilan ushbu ayvonlar shaharning gavjum va diqqatga sazovor maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Bu yerda diplomatik qabullar, madaniy tadbirlar, Sakura gullashi festivali doirasidagi uchrashuvlar va jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tramp, shuningdek, loyihani amalga oshirishda hamkorlik qilgan O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va AQSh Milliy bog‘lar xizmatiga minnatdorlik bildirgan. U o‘zbek hunarmandlarini haqiqiy iste’dod sohiblari deb atab, ayvonlarni hayratlanarli darajada go‘zal deb ta’riflagan.
Mazkur ayvonlar O‘zbekistonning milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik mahoratini AQSh jamoatchiligiga namoyish etuvchi o‘ziga xos tuhfa hisoblanadi.








