89 ta o‘lim: 2026-yilda moped va skuterlar ishtirokida 563 ta YTH qayd etildi
Qoidabuzarliklar soni bir yil ichida qariyb 20 barobarga oshgan.

2026-yilning 9 oyida moped va skuterlar ishtirokida 563 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ularda 488 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 89 kishi halok bo‘lgan.
Shuningdek, 2025-yil davomida moped va skuter haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq qariyb 300 ta holat aniqlangan bo‘lsa, 2026-yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 4 312 taga yetgan.
Aniqlangan holatlarning 162 tasida moped va skuter haydovchilari tegishli hujjatlarsiz yoki mast holda transport vositasini boshqargani maʼlum bo‘lgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar moped, skuter va kichik hajmli mototransport vositalarini boshqarishda xavfsizlik talablarini kuchaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Hukumatning 2024-yil 17-iyuldagi 429-son qarori bilan moped va skuterlar uchun alohida davlat raqami belgilari joriy qilingan. Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu transport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan.
Shu bilan birga, moped va skuterlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari hamda qoidabuzarliklarning ko‘payishi ularni boshqarishda tegishli hujjatlarga ega bo‘lish va yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya etish muhimligini ko‘rsatmoqda.








