Jahon

Yevropa Tojikistondan norozi: Putin tashrifi ortidagi siyosiy mojaro

Vladimir Putin Tojikistonga tashrif buyurdi. Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish uchun order berilgan Rossiya prezidentini Dushanbe hibsga olmadi. Buning ortidan Tojikiston Rim statutidan chiqish haqida BMTga rasmiy bildirishnoma yubordi.

Yevropa Tojikistondan norozi: Putin tashrifi ortidagi siyosiy mojaro

Putin o‘tgan hafta Tojikistonga bordi. Uni mamlakat yetakchisi Emomali Rahmonning shaxsan o‘zi kutib oldi. Biroq oradan bir necha kun o‘tib Yevropa Tojikistonga norozilik bildirdi. Bunga sabab Putin Tojikistonda ushlanmaganida. Chunki Putinning Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish orderi mavjud. Tojikiston esa aynan shu sudni tashkil etgan Rim statutiga a’zo davlat hisoblanadi.

Xo‘sh, Tojikiston nega bunday qarorga keldi? Rossiya bilan munosabatlar bu voqeada qanday rol o‘ynaydi? Va eng muhimi, bu qaror xalqaro huquq uchun nimani anglatadi?

Putin nima uchun hibsga olinishi kerak edi?

 

Avvalo, voqealarning boshiga qaytsak. 2023-yil 17-mart kuni Gaagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan hibsga olish orderini chiqardi. Sud Putinni Ukraina bosib olingan hududlaridan bolalarni noqonuniy ravishda Rossiyaga deportatsiya qilish va ko‘chirish bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikda gumon qilmoqda. Gap sudning yakuniy hukmi haqida emas, balki hibsga olish orderi haqida ketmoqda. Putin ayblovlarni tan olmaydi, Rossiya esa Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmaydi. Ammo Rim statutiga a’zo davlatlar sud bilan hamkorlik qilish va uning hibsga olish talablarini bajarish majburiyatiga ega. Tojikiston ham ana shunday davlatlardan biri edi.

 

Bu masala birinchi marta 2025-yil oktabr oyida kun tartibiga chiqdi. O‘shanda Vladimir Putin Tojikistonga tashrif buyurdi. Xalqaro jinoiy sudning hibsga olish orderi mavjud bo‘lishiga qaramay, Tojikiston hukumati uni hibsga olmadi. 2026-yil 19-mart kuni Xalqaro jinoiy sudning tegishli palatasi Tojikiston o‘z majburiyatlarini bajarmagan, degan xulosaga keldi. Sud masalani Rim statuti ishtirokchi davlatlari assambleyasiga ham yubordi.

 

Tojikiston tomoni o‘z pozitsiyasini himoya qilar ekan, Rossiya Rim statutiga a’zo emasligini hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va kelishuvlardan kelib chiqadigan huquqiy asoslarni vaj sifatida keltirdi. Biroq Xalqaro jinoiy sud bu dalillarni Tojikistonning o‘z xalqaro majburiyatlarini bajarmasligi uchun yetarli asos deb topmadi.

 

Oradan qariyb sakkiz oy o‘tib, vaziyat yana takrorlandi. 2026-yil 19–20-noyabr kunlari Putin yana Dushanbe shahriga tashrif buyurdi. Uni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qabul qildi. Ikki davlat rahbarlari iqtisodiyot, xavfsizlik va boshqa hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Ammo xalqaro maydonda asosiy e’tibor boshqa masalaga qaratilgan edi: Putin yana Tojikistonga kelgan, biroq hibsga olinmagan edi.

 

Putinning tashrifidan keyin Yevropa Ittifoqi o‘z munosabatini bildirdi. 22-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi vakili Tojikistonning Putinni yana qabul qilganidan afsusda ekanini ma’lum qildi. Bryussel fikricha, Tojikiston Rim statuti bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan. Yevropa Ittifoqi barcha davlatlarni Xalqaro jinoiy sud bilan hamkorlik qilishga va chiqarilgan hibsga olish orderlarini bajarishga chaqirdi. Ammo voqealarning eng muhim qismi hali oldinda edi.

 

Tojikiston Xalqaro jinoiy suddan chiqmoqda

 

Bu voqealar fonida Tojikiston Rim statutidan chiqish to‘g‘risida rasmiy bildirishnoma yubordi. Bu esa mamlakatning Xalqaro jinoiy sud tizimidagi a’zoligini tugatish jarayoni boshlanganini anglatadi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rim statutining depozitariysi sifatida tarqatgan rasmiy bildirishnomada Tojikistonning chiqish haqidagi xabarnomasi 2026-yil 20-noyabr kuni qabul qilingani qayd etilgan.

 

Rim statutining 127-moddasi 1-bandiga ko‘ra, davlatning ushbu hujjatdan chiqishi haqidagi bildirishnomasi BMT Bosh kotibiga topshirilgan kundan bir yil o‘tgach kuchga kiradi. Shu sababli Tojikistonning Rim statutidan chiqishi 2027-yil 20-noyabrda kuchga kiradi. Demak, ushbu sanaga qadar mamlakat Rim statuti ishtirokchisi bo‘lib qoladi va uning doirasidagi majburiyatlarini bajarishi kerak.

 

E’tiborli jihati shundaki, Tojikiston Rim statutini 2000-yil 5-may kuni ratifikatsiya qilgan. Demak, mamlakat 26 yil davomida ushbu xalqaro hujjat ishtirokchisi bo‘lib kelganidan so‘ng undan chiqmoqda.

 

Tojikistonning bu qarorini Rossiya bilan munosabatlardan ayri holda tahlil qilish qiyin. Rossiya Dushanbe uchun asosiy iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Rossiyada ko‘plab tojikistonlik mehnat muhojirlari faoliyat yuritadi. Ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlik ham mustahkam aloqalarga asoslangan.

 

Shu nuqtayi nazardan, Moskva bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolish Dushanbe uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Biroq Tojikistonning aynan Rossiya bosimi ostida Rim statutidan chiqishga qaror qilganini tasdiqlovchi rasmiy dalillar mavjud emas. Shu sababli Rossiya omilini ushbu qarorning ehtimoliy siyosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rish mumkin, ammo uni qarorning bevosita sababi deb baholashga hozircha asos yo‘q.

 

23-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Tojikistonning Rim statutidan chiqish qaroridan afsusda ekanini bildirdi. Bryussel Dushanbeni ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Xalqaro jinoiy sud ishtirokchi davlatlari assambleyasi ham Tojikistonning bu qaroridan xavotir bildirdi.

 

Putin va Lvova-Belovani hibsga olish orderi

 

Xalqaro jinoiy sud 2023-yil mart oyida Vladimir Putinga nisbatan hibsga olish orderini chiqargan edi. Sud Rossiya prezidentini Ukrainadagi bosib olingan hududlardan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish va ko‘chirish bilan bog‘liq harbiy jinoyatlarda gumon qilmoqda. Xuddi shunday order Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan.

 

Putin 2024-yil sentabr oyida Xalqaro jinoiy sudning Rim statutiga a’zo bo‘lgan Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgan edi. Biroq Mo‘g‘uliston ham Rossiya prezidentini hibsga olish bo‘yicha orderni ijro etmadi. Bu holat Xalqaro jinoiy sud qarorlarini bajarish masalasi boshqa davlatlar uchun ham murakkab siyosiy va huquqiy muammoga aylanganini ko‘rsatdi.

 

Xullas, Tojikiston atrofidagi bu voqea oddiy diplomatik kelishmovchilikdan ancha kengroq masalani ochib berdi. Bir tomonda xalqaro jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlashga intilayotgan Xalqaro jinoiy sud, ikkinchi tomonda esa o‘z siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlarini ham hisobga olayotgan davlatlar turibdi.

 

Tojikistonning Rim statutidan chiqish qarori ham bu ziddiyatni bartaraf etmaydi. Chunki mamlakatning suddan chiqishi 2027-yil noyabrida kuchga kiradi va avval yuzaga kelgan xalqaro majburiyatlarni avtomatik ravishda bekor qilmaydi.

 

Endi asosiy savol shuki: Tojikistonning bu qarori boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘ladimi? Yoki aksincha, Xalqaro jinoiy sud qarorlarini bajarish masalasida davlatlarga nisbatan xalqaro bosim kuchayadimi? Bu savollarga javobni vaqt ko‘rsatadi.

Eron muzokaralardan bosh tortdi: AQSh yetti shartga rozi bo‘lishi kerak

Eron muzokaralardan bosh tortdi: AQSh yetti shartga rozi bo‘lishi kerak

Tehron yangi tajovuzkor harakatlar sodir etilsa, harbiy operatsiyalar geografiyasini kengaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Rossiyaliklarga Shengen vizasi olish qiyinlashishi mumkin: harbiy guvohnoma ham so‘raladi

Rossiyaliklarga Shengen vizasi olish qiyinlashishi mumkin: harbiy guvohnoma ham so‘raladi

Rossiya armiyasi yoki unga aloqador qurolli guruhlarda xizmat qilgan shaxslar uchun kirish taqiqlanishi mumkin.

Sportchilar va banklarga cheklov: Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketini taqdim etdi

Sportchilar va banklarga cheklov: Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketini taqdim etdi

Taklif etilayotgan cheklovlar moliyaviy xizmatlar, kriptovalyutalar va energetika sektorini ham qamrab oladi.

Hindistondan Nepalga 1,62 mlrd dollarlik yordam: mablag‘ suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltiriladi

Hindistondan Nepalga 1,62 mlrd dollarlik yordam: mablag‘ suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltiriladi

Tabiiy ofat oqibatida taxminan 1 500 kishi halok bo‘lgan, 5 200 kishi bedarak yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.

Istanbulda noqulay ob-havo: 18 ta samolyot boshqa aeroportlarga qo‘ndi

Istanbulda noqulay ob-havo: 18 ta samolyot boshqa aeroportlarga qo‘ndi

Noqulay ob-havo sharoiti, xususan, kuchli rivojlangan kumulonimbus bulutlari samolyotlarning xavfsiz qo‘nishiga to‘sqinlik qilgan.

Isroil hujumlari G‘azoni “zaharli xaroba”ga aylantirdi — Oxfam

Isroil hujumlari G‘azoni “zaharli xaroba”ga aylantirdi — Oxfam

Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari suv, tuproq va havoning keng ko‘lamda ifloslanishiga olib kelib, aholi salomatligi hamda oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.

Narkotik kontrabandasining g‘ayrioddiy usuli: 4 kishi 280 ta kapsula bilan ushlandi

Narkotik kontrabandasining g‘ayrioddiy usuli: 4 kishi 280 ta kapsula bilan ushlandi

Gumonlanuvchilar sud qarori bilan hibsga olinib, qamoqqa yuborilgan.

Xitoyda josuslik ishi: davlat sirlarini sotgan amaldor o‘limga hukm qilindi

Xitoyda josuslik ishi: davlat sirlarini sotgan amaldor o‘limga hukm qilindi

Amaldor xorijiy davlatga 100 dan ortiq ma'lumot yetkazgan, ularning 35 tasi davlat siri deb topilgan.