O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Prezident dunyoda 645 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekayotganini taʼkidlab, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi



Shavkat Mirziyoyev Xalqaro paxta kuni hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.


Davlat rahbari dunyoning 30 dan ziyod mamlakatdan olim va ekspertlar, tadbirkorlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ushbu forumlarda ishtirok etayotganini qayd etdi.


Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston dehqonlarining paxtachilik borasida katta tajribaga ega ekanini taʼkidladi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida soha yangi bosqichga ko‘tarilgani, g‘o‘zaning 300 ga yaqin ertapishar navi yaratilgani maʼlum qilindi.


Shuningdek, paxta ekish, parvarishlash va yig‘ib olish jarayonlari to‘liq mexanizatsiyalashtirilgani, zamonaviy agrotexnologiyalar hisobiga fermerlar gektariga 100 sentnergacha hosil olayotgani qayd etildi.


Prezidentning taʼkidlashicha, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va qurg‘oqchilik bilan bir qatorda, logistika zanjirlaridagi uzilishlar ham oziq-ovqat narxlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda.


FAO maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 645 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekmoqda. Xalqaro ekspertlar tegishli choralar ko‘rilmasa, 2028-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 milliardga yetishi mumkinligini qayd etgan.


Shavkat Mirziyoyev bunday xavflarni bartaraf etish ko‘p tomonlama sheriklik va davlatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlarini talab qilishini taʼkidladi.


Ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun yuqori transport xarajatlari va tranzit mamlakatlardagi muammolar jiddiy to‘siq bo‘lib qolayotgani qayd etildi.


O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari logistikasi va savdosini erkinlashtirish, shuningdek, oziq-ovqat yetkazib berishni tartibga soluvchi qoidalarni soddalashtirish tarafdori ekani bildirildi.


Mamlakat 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 2 barobar, eksport va qo‘shilgan qiymatni esa 3 karra oshirishni maqsad qilgan.


Prezident ushbu maqsadlarga erishish uchun xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.


Shuningdek, Markaziy Osiyodan boshlab, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar va tranzit hamkorlarni bog‘laydigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.


Xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlar oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sovutkichli saqlash va tashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirildi.


Shavkat Mirziyoyev xalqaro forumlar yangi tashabbus va strategiyalarni hayotga tatbiq etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.