Ramazon qachon boshlanadi? Qirg‘iziston va Qozog‘iston dastlabki sanani e’lon qildi
Sanalar yangi oyning ko‘rinishiga qarab bir kunga oldinga yoki keyinga surilishi mumkin.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston musulmonlari diniy idoralari 2027-yilgi Ramazon oyining boshlanish sanasi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, har ikki mamlakatda ro‘za 8-fevralda boshlanishi kutilmoqda.
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tasdiqlagan taqvimga ko‘ra, Ramazon hayiti 9-mart kuni nishonlanadi. Qadr kechasi 5-martdan 6-martga o‘tar kechaga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Qurbon hayiti esa 16–18-may kunlariga belgilangan.
Qirg‘iziston muftiyati ham Ramazon oyining 8-fevralda boshlanishini prognoz qilgan. Biroq mamlakatda ro‘za boshlanadigan yakuniy sana oy yaqinlashganda e’lon qilinadi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Diniy idoralar ma’lumotlariga ko‘ra, hijriy oylarning boshlanish sanalari astronomik hisob-kitoblar asosida aniqlanadi. Shu bilan birga, yangi oyning ko‘rinishiga qarab diniy sanalar bir kunga oldinga yoki keyinga surilishi mumkin.
Qayd etilishicha, so‘nggi yetti yil davomida Qirg‘iziston va Qozog‘istonda Ramazon oyining boshlanish sanalari bir-biriga mos kelgan.








