Chet elda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz — haqiqiy mard insonlar!” — Prezident
Prezident xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarning huquqlarini himoya qilish davlatning doimiy vazifasi ekanini ta’kidladi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazida mehnat migratsiyasi sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz haqida alohida to‘xtalib, ularning oilasi va farzandlari kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotganini ta’kidladi.
“Chet elda ishlayotgan har bir yurtdoshimiz oilasining rizqi, farzandlari kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotgan haqiqiy mard insonlardir. Ular ham bizning fuqarolarimiz, bizning farzandlarimiz. Qayerda ishlashidan qat’i nazar, fuqarolarimiz huquqini himoya qilish — davlatning doimiy burchi va vazifasi”, — dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev xorijda mehnat qilayotgan birorta ham yurtdoshimiz o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerakligini ta’kidladi.
Yangi tartibga ko‘ra, chet elda muammoga duch kelgan fuqarolar elchi yoki konsulni izlab yurmasdan, “Onlayn mahalla” platformasi orqali yordam so‘rab murojaat qoldirishi mumkin bo‘ladi. Zarur vaziyatda elchining o‘zi fuqaroning oldiga borib, uning huquqlarini himoya qiladi va muammosiga yechim topishga ko‘maklashadi.
Davlat rahbari mutasaddilarga ushbu tizimni 10 kun ichida yo‘lga qo‘yish va uning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritishni topshirdi.








