Myanmada maktabga havo zarbasi berildi: kamida 30 kishi halok bo‘ldi
Hujum oqibatida halok bo‘lganlar orasida go‘dak va bir necha maktab o‘quvchisi ham bor.

Myanmaning markaziy qismidagi Magvay viloyatida joylashgan, isyonchilar nazoratidagi qishloq maktabiga harbiylar tomonidan berilgan havo zarbasi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida go‘dak va bir necha maktab o‘quvchisi ham bor. Bu haqda Reuters muxolifatdagi Milliy birlik hukumati (NUG) vakili va mahalliy guvohga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hujum 26-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida Sinbaungve shaharchasidagi maktab va monastir majmuasiga uyushtirilgan. O‘sha vaqtda hududda diniy marosim o‘tkazilayotgan bo‘lgan.
NUG va Magvay muvaqqat federal hukumati qo‘shma bayonotida hujum davomida to‘rtta 500 funtlik aviabomba, 12 ta artilleriya snaryadi va yettita kamikadze dronidan foydalanilgani aytilgan.
NUG vakili va mahalliy guvohning ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 20 nafardan ortiq tinch aholi vakili, jumladan, ayollar va bolalar, shuningdek, to‘qqiz nafar isyonchi jangchi halok bo‘lgan. Mahalliy guvoh bombardimon vaqtida hududda faol jangovar to‘qnashuvlar bo‘lmaganini bildirgan.
Harbiylarni qo‘llab-quvvatlovchi Telegram kanallarida zarba isyonchi kuchlarning bitiruv marosimi va yig‘iniga qaratilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Myanma harbiylari va hukumati voqea yuzasidan Reuters so‘roviga darhol izoh bermagan.
NUG ma’lumotlariga ko‘ra, Myanma harbiylari 2021-yil 1-fevraldan 2026-yil oktyabr oyi oxirigacha 6 653 ta alohida hodisa doirasida 15 327 marta havo zarbasi bergan. Oqibatda 6 467 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 562 ta maktab va 848 ta diniy bino zarar ko‘rgan.
Muxolifat vakillari hujumni harbiy jinoyat va Jeneva konvensiyasi buzilishi deb baholab, kelgusidagi xalqaro sud jarayonlari uchun dalillar to‘planayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, BMT, ASEAN va qo‘shni davlatlarni Myanma harbiylariga aviatsiya yoqilg‘isi, o‘q-dorilar hamda dron texnologiyalari yetkazib berilishini to‘xtatishga chaqirgan.
Myanmada 2021-yilda harbiylar hokimiyatni egallab olganidan so‘ng fuqarolar urushi boshlangan. Mojaro oqibatida qariyb 100 ming kishi halok bo‘lgan, 3,5 milliondan ortiq odam uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Reuters qurbonlar soni va hujum tafsilotlarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini qayd etgan.







