“TikTok inson miyasini o‘ldirmoqda”: Toqayev yoshlarni ogohlantirdi
Qozog‘iston prezidenti internet va smartfonlardan to‘g‘ri foydalanish raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi.
Qosim-Jomart Toqayev ko‘pchilik smartfon imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmayotganini taʼkidladi. Uning fikricha, odamlar internetdan faqat muloqot va ko‘ngilochar maqsadlarda emas, daromad topish uchun ham foydalanishni o‘rganishi kerak.
«Biz qishloq aholisiga internetdan ezgu maqsadlarda foydalanishni o‘rgatishimiz kerak. Bugun hamma smartfondan foydalanadi, biroq ko‘pchilik uni faqat qo‘ng‘iroq qilish, xabar almashish, film tomosha qilish va TikTok uchun kerak deb hisoblaydi. TikTok — inson miyasini, ayniqsa, yoshlarning miyasini o‘ldiradigan dahshatli narsa», — dedi Toqayev Moskvadagi AI Journey konferensiyasidan so‘ng yosh sunʼiy intellekt mutaxassislari bilan uchrashuvda.
Prezidentning taʼkidlashicha, smartfon va internetdan to‘g‘ri foydalanish orqali qishloq yoki ovulda yashab ham daromad topish mumkin.
«Biz shunchaki odamlarga taʼlim berishimiz kerak. Shunda ular hukumatdan mustaqil bo‘lib, o‘z mablag‘larini qonuniy yo‘l bilan topa oladi. Men buni xalqning raqamli iqtisodiyoti deb atayman», — deya qo‘shimcha qildi u.








