“Tajovuzkor va qotil insonni do‘st deb bo‘lmaydi”: Zelenskiy Trampning Putin haqidagi gapiga munosabat bildirdi
Ukraina prezidenti Trampning Putin bilan do‘stona munosabatini Ikkinchi jahon urushi davrida Gitlerni do‘st deb atashga qiyosladi.

Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni “do‘stim” deb ataganiga munosabat bildirdi. U bunday munosabatni g‘alati deb hisoblashini aytib, Putin bilan do‘st bo‘lish mumkin emasligini ta’kidlagan. Bu haqda Zelenskiy BBC muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Albatta, bu AQSh prezidentining o‘z ishi, biroq uning bunday munosabati g‘alati. Putin tajovuzkor va qotil. Bunday inson do‘st bo‘la olmaydi. Bu Ikkinchi jahon urushi davrida kimdir Gitlerni yaxshi do‘st deb atashiga o‘xshaydi. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, — degan Ukraina rahbari.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Trampning bunday bayonotlari urushda farzandlarini yo‘qotgan ukrainalik oilalar uchun ayniqsa og‘riqli.
Intervyuda Ukraina prezidenti AQShning harbiy yordami va tinchlik muzokaralari masalalariga ham to‘xtalgan. Uning aytishicha, ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimlari uchun zarur raketalarni yetkazib berishdagi kechikishlar ukrainaliklarning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Shuningdek, u Vashington Moskva bilan muzokaralarda Rossiyaga yetarlicha bosim o‘tkazmayotganini bildirgan.
Zelenskiy tinchlik muzokaralari dekabr oyida qayta boshlanishi kutilayotganini aytib, Rossiyaga bosim o‘tkaza oladigan ishonchli ittifoqchilar zarurligini ta’kidlagan.
“Agar tajovuzkorga nisbatan betaraflikni haddan tashqari saqlashga urinish bo‘lsa, bu jabrlanuvchi bilan bir qatorda tajovuzkorni ham qo‘llab-quvvatlashni anglatadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv”, — degan Ukraina prezidenti.








