Ukraina bo‘yicha muzokaralarga AQSH nomidan rafiqam boshchilik qilishi mumkin — Tramp
AQSH prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv natijasida ko‘plab insonlar qutqarilganini ta’kidladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbari o‘z turmush o‘rtog‘i Melaniya Trampning Oleshki shahridagi insonparvarlik tashabbusini yuqori baholadi.
Taʼkidlanishicha, Xerson viloyatining Oleshki hududidan 800 dan ortiq fuqaro xavfsiz joyga olib chiqilgan. Ilgari bu yerda qizg‘in jangovar harakatlar ketayotgani va vaziyat o‘ta xatarli ekani sababli aholining chiqib ketishi imkonsiz bo‘lgan.
Eʼlon qilingan sulh davomida esa sakkiz yuzdan ziyod kishiga hududni tark etish imkoniyati yaratilgan. Shu bois butun davlat nomidan muzokaralar o‘tkazish vakolatini aynan unga topshirish maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkinligi qayd etildi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish vazifasi aʼlo darajada uddalangani, natijada ko‘plab insonlar qutqarib qolingani eʼtirof etildi. Shuningdek, bolalarni vasiylikka olish tizimi bilan bog‘liq masalalar ustida ham faol ish olib borilayotgani qo‘shimcha qilindi.








