Endi ayrim soliq hisobotlari avtomatik shakllantiriladi
Ushbu amaliyot 2024 yildan joriy qilinadi.

Endi ayrim soliq hisobotlari Soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar bermoqda.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan soliq to‘lovchilarning tanloviga ko‘ra QQS, AOS, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha soliq hisobotlarini Soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantirish tartibi joriy etiladi.
Bunda soliq to‘lovchi yoki uning vakolatli vakili soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotining to‘g‘riligi va to‘liqligini tasdiqlaydi yoki hisobotni qayta ishlab, soliq organlariga taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Xorazm viloyatida mazkur amaliyot bo‘yicha eksperiment o‘tkazilgan edi.
Sotuv cheklarini rasmiylashtirishdagi texnik xatoliklarga tuzatish kiritish muddati keyingi soliq hisobotlarini topshirish davriga qadar uzaytiriladi.
Bunga qadar tuzatuvchi kassa cheki tafovut aniqlangan oydan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay shakllantirilardi.
Mazkur qaror bilan qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, “Soliq to‘lovchining tanloviga ko‘ra soliq organlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.







