Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev maʼlum qildi.
U quyidagicha fikr bildirdi: “Benzin narxlariga taʼsir qiluvchi omillar o‘rganildi, ko‘rsatmalar berildi, choralar ko‘rilyapti. Bu bo‘yicha idoralararo ishchi guruh ishlayapti. Qayerda bozor mexanizmlari asosida tabiiy o‘sishga erishilgan bo‘lsa, biz unga taʼsir ko‘rsata olmaymiz. Lekin sunʼiy ravishda yuzaga keltirilgan, kelishib qilingan, manipulyatsiya harakatlariga taʼsir ko‘rsatish mumkin”.
Bundan tashqari, anjumanda benzin narxini barqarorlashtirish, tushirish bo‘yicha harakatlar davom etayotgani, bu vaqt talab qiladigan masala ekanligi, ammo yaqin kunlarda narxlarda sezilarli o‘zgarish bo‘lishi ham taʼkidlandi.
Ayni paytda bu borada bozorni to‘yintirish, arzon narxlar asosida kichik xaridorlarga imkoniyat berish masalasiga eʼtibor qaratilmoqda.
Buning asosiy sabai yirik, ulgurji xaridorlar juda kichik rentabellikka ishlaydi, ularning savdo jarayonida balandroq taklif berish imkoni ko‘proq ekanligi oydinlashdi.Natijada, lotlar kichik hajmda qilinayotgani, bundan maqsad — oddiy AYOQSHlarning benzinni olishi va zaxirasini to‘ldirishiga imkoniyat yaratilayotgani ham maʼlum bo‘ldi.
Bu esa narxlar sunʼiy ravishda ko‘tarilishining oldini olishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda benzin narxi yil boshidan buyon 17 foizga qimmatlashgani hamda O‘zbekistonda benzin narxi oshgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


