Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 12-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bo‘linmalarining tantanali piyoda yurishi tashkil etiladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbir O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilmoqda.
Harbiy bo‘linmalarning tantanali yurishi soat 11:00 da Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hududidan (mo‘ljal: “Pushkin” metro bekati) boshlanib, soat 13:00 ga qadar davom etadi.
Yurish davomida bo‘linmalar Parkent va Mustaqillik ko‘chalari bo‘ylab harakatlanadi hamda Amir Temur xiyobonida to‘xtab, faxriy qorovul jamoasi va qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari, bo‘linmalarning jangovar chaqiriqlari hamda harbiy orkestrning defile namoyishlari namoyish etiladi.
Shundan so‘ng harbiy bo‘linmalar Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalari orqali dastlabki manziliga qaytadi.
Mazkur tadbir munosabati bilan 12-yanvar kuni soat 11:00 dan 13:00 gacha Parkent, Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklanadi.
Mudofaa vazirligi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, poytaxt aholisi va mehmonlarini bayram tadbirlarida faol ishtirok etishga chorlamoqda.


