2025-yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab 103 tez tibbiy yordam xizmati tomonidan jami 14,3 milliondan ortiq qo‘ng‘iroq qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich tez tibbiy yordam tizimi faoliyatida rekord natija sifatida qayd etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Elektron avtomatlashtirilgan chaqiriqlarga javob berish tizimining joriy etilishi natijasida tez tibbiy yordam brigadalarining o‘rtacha yetib borish vaqti sezilarli darajada qisqardi. Xususan, avval 25–30 daqiqani tashkil etgan javob berish vaqti 10–15 daqiqagacha kamaydi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori Abduvoyjon G‘ofurovning maʼlum qilishicha, qabul qilingan qo‘ng‘iroqlarning asosiy qismi — 10,2 millioni — shoshilinch holatlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 3,9 million qo‘ng‘iroq surunkali kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan, qariyb 100,5 ming holat esa tug‘ruq chaqiriqlarini tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar Toshkent shahrida (1,5 million) va Farg‘ona viloyatida (1,4 million) qayd etilgan. Andijon, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida esa aholining tez tibbiy yordamga murojaatlari soni har bir hududda o‘rtacha 1,3 millionni tashkil qilgan.
Navoiy, Sirdaryo, Jizzax, Buxoro va Xorazm viloyatlarida eng kam qo‘ng‘iroqlar qayd etilib, ularning soni 416 mingdan 688 minggacha bo‘lgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil davomida tez tibbiy yordam brigadalari soni 1648 tadan 2865 tagacha oshgan. Shuningdek, 103 tez tibbiy yordam xizmat ko‘rsatish punktlari soni 818 tadan 1680 tagacha ko‘paygan.


