Kecha, 24 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sog‘liqni saqlash sohasida qilingan ishlar va 2025 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. 2024 yilda sohaga 36 trillion so‘m ajratilgan edi. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, tibbiy ko‘rik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kelgusi yil tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Oilaviy shifokorlarning mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy qilinadi.
Bu sohadagi asosiy vazifa – birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda to‘g‘ri ishlatish, ayniqsa, chekka va og‘ir tumanlarga eʼtiborni kuchaytirish zarur, dedi prezident.


