Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2025 yil davomida jami 17,3 trln so‘mlik bojxona to‘lovlari hisoblandi. Bu haqda Boshqarma matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Shundan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 8 trln so‘mlik bojxona imtiyozlari taqdim etildi, qolgan 9,3 trln so‘m davlat byudjetiga yo‘naltirildi.
Imtiyoz qo‘llanilgan asosiy tovarlar qatoriga transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari, texnologik asbob-uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda metall xom ashyolari kiradi.
Hisobot davrida 2,4 mlrd AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi tovarlar xorijiy bozorlarga eksport qilindi. Asosiy savdo hamkorlarimiz Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari bo‘ldi.
Boshqarma tomonidan bojxona qonunchiligi buzilishlarining oldini olish, ularni aniqlash va chek qo‘yish, kontrabandaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash doirasida 59 ta holatda jami 195,3 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida 129 mlrd 263 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasi fosh etildi. Shuningdek, aksiz markasi bilan markalanmagan 96 ta holatda qiymati 2,6 mlrd so‘m bo‘lgan 74 099 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha 49,6 mlrd so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida 891 kgdan ortiq kuchli taʼsir qiluvchi moddalar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar iqtisodiyotimiz rivojiga xizmat qilmoqda. Bojxona organlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni doimiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2025 yilda Toshkent viloyati hududidagi 72 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan qiymati 270 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 762,5 ming tonna xom ashyo “bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirildi. Qayta ishlangandan so‘ng qiymati 246,2 mln AQSH dollari va og‘irligi 420,6 ming tonnani tashkil etgan tayyor mahsulotlar eksport qilindi.


