8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Akmal Shukurovni ozodlikka chiqargan sudyalar lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakunlari ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Akmal Shukurovga oid jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, uning ozodlikka chiqarilishi jamoatchilikda keskin norozilik va muhokamalarga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng tekshiruv instansiyasi ajrimi bilan u yana qamoqqa qaytarilgan va holat yuzasidan sudyalar faoliyati o‘rganilgan.
Xizmat tekshiruvi natijasida qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, mazkur qarorni qabul qilgan sudyalar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Sudyalar oliy kengashi ushbu holat sud-huquq tizimida qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi muhim choralaridan biri ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Akmal Shukurov 2025 yil 16 mart kuni tunda Yakkasaroy tumanidagi “The Tower” mehmonxonasi yonida restorandan chiqqan K.Ye.ga tegajog‘lik qilgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i A.X. xotinining shaʼnini himoya qilganida Akmal Shukurov erkak va ayolga, shuningdek, voqea joyida bo‘lgan E.K.ga zarba bergan. Buning oqibatida X.A. va E.K. yengil tan jarohati olishgan. Voqea sabab unga Sud tomonidan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan edi.


