AQSH prezidenti Jozef Bayden 2024 yilgi prezident saylovlarida ishtirok etish niyatida. Bu haqda u ABC telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, saylovoldi kampaniyasini boshlashdan oldin u ko‘p ishlarni yakunlashi kerak. Jurnalistning aniqlashtiruvchi savoliga javoban u “o‘z so‘zlariga javob berishi”ni taʼkidlagan.
80 yoshli Bayden o‘z yoshini saylovda qatnashish rejalariga to‘sqinlik qiluvchi faktor sifatida ko‘rmasligini aytgan.
“Ammo odamlarda mening yoshim to‘g‘risida savol berishga asos bor”, – degan AQSH yetakchisi.
2022 yil noyabrida Qo‘shma Shtatlar sobiq prezidenti, respublikachi Donald Tramp 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etishini eʼlon qilgandi. Bayden esa bu bo‘yicha qarorini 9 noyabrda ochiqlagan, ammo yakuniy qarorini 2023 yil boshlarida qabul qilishini aytgandi.


