5 may kuni Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida yuz bergan fojeali hodisa butun xalqimizni larzaga soldi. Yakassaroy tumanida yashovchi ikki nafar qizaloq kanalga tushib ketganini ko‘rgan jasur yurtdoshimiz Abdumannop Sanoqov o‘zini suvga tashlab, bolalarni qutqarishga erishdi. Afsuski, u bu fidoiylik yo‘lida halok bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, Abdumannop Sanoqov doimo insonlarga yordam berishga shay, el dardi bilan yashagan vatanparvar inson bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti marhumning rafiqasi va farzandlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda Abdumannop Sanoqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Shu bilan birga, qutqaruvda faol ishtirok etgan “Bo‘rijar” sport majmuasi xodimi Nurmuhammad Mamasaliyev ham “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Bu qaror mamlakatimizda inson qadri va fidoiylikni e’zozlash, haqiqiy qahramonlarga yuksak ehtirom ko‘rsatishning amaliy ifodasidir. Insoniylik qadriyatlariga tayanadigan jamiyatda bunday ezgu ishlari hech qachon unut bo‘lmaydi.


