Donald Tramp prezidentlik lavozimidagi birinchi yil davomida Amerika Qo‘shma Shtatlari hududidan qariyb 3 million nafar noqonuniy muhojir deportatsiya qilindi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem TASS agentligiga bergan izohida maʼlum qildi.
Vazirning taʼkidlashicha, ushbu migrantlarning 2,2 million nafari “o‘zini o‘zi deportatsiya qilish” dasturi doirasida mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etgan. Yana 675 mingdan ortiq shaxs esa majburiy tartibda deportatsiya qilingan.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkichlar Tramp maʼmuriyatining noqonuniy immigratsiyaga qarshi olib borilgan qatʼiy siyosati natijasidir. Prezident Tramp bir necha bor lavozimga kirishidan avval AQSHga taxminan 25 million kishi noqonuniy yo‘l bilan kirganini taʼkidlagan.
2025-yil 20-yanvar kuni AQSHning 47-prezidenti sifatida inauguratsiya marosimidan so‘ng Donald Tramp immigratsiya siyosatini keskinlashtirishga qaratilgan bir qator choralarni amalga oshirdi. Jumladan, AQSH–Meksika chegarasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmon imzolandi.
