AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Xitoy ta’sirining oldini olish uchun Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyaga egalik qilishi zarurligini bildirdi. U bu haqda Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida, neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv vaqtida ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh hozir choralar ko‘rmasa, kelajakda Grenlandiya Rossiya yoki Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkin. “Biz Grenlandiya bo‘yicha biror narsa qilamiz — xohlashsa ham, xohlamasalar ham. Aks holda Rossiya yoki Xitoy uni egallaydi. Bizning qo‘shnimiz Rossiya yoki Xitoy bo‘lmaydi”, dedi u.
Prezident AQShning Grenlandiyada 1951-yildan buyon harbiy ishtiroki borligini tan olgan bo‘lsa-da, bu yetarli emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, faqat egalik orolni to‘liq himoya qilish imkonini beradi. “Ijara bilan himoya qilinmaydi, egalik bilan himoya qilinadi. Agar biz buni qilmasak, Xitoy yoki Rossiya qiladi”, dedi Tramp.
Ma’lum qilinishicha, Oq uyda Grenlandiyani AQSh nazoratiga o‘tkazish bo‘yicha turli variantlar muhokama qilinmoqda. Ular orasida harbiy kuch ishlatish ehtimoli va Grenlandiya aholisiga moliyaviy to‘lovlar evaziga Daniyadan ajralib chiqish takliflari ham bor. Yevropa davlatlari va Daniya bu bayonotlarga keskin munosabat bildirib, Grenlandiya taqdiri faqat Daniya va orol aholisining qarori ekanini ta’kidlamoqda.


