AQSH juma kuni Suriyadagi ISHID jangari guruhining 70 dan ortiq nishoinlarigta 100 dan ortiq o‘q-dorilar bilan zarba bergan. Hujum shanba kunga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.
AQSH hukumatiga ko‘ra, bu hujumlar Suriyaning markaziy qismida sodir etilgan terrorchilik hujumida ikki nafar AQSH armiyasi askari va bir AQSH fuqarosi halok bo‘lgani ortidan prezident Donald Trampning javob zarbasi hisoblanadi. Harbiy amaliyotda Iordaniya harbiy-havo kuchlari ham ishtirok etgan.
Hujumlar Suriyada shanba tongiga qadar, bir necha soat davom etishi kutilgan. Prezident Tramp bu operatsiyani “keng ko‘lamli zarba” deb atadi.
Suriya ijtimoiy tarmoqlarida mamlakatning katta hududlarida portlashlar bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mudofaa vaziri Pit Hegset AQSh Yaqin Sharqda yangi katta urush boshlayotgani haqidagi xavotirlarni kamaytirishga harakat qildi, biroq ISHIDga qarshi hujumlar davom etishini ham ochiq aytdi.
“Bu urushning boshlanishi emas — bu qasos e’lonidir. Prezident Tramp rahbarligidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z xalqini himoya qilishda hech qachon ikkilanmaydi va hech qachon ortga chekinmaydi”, — dedi Hegset ijtimoiy tarmoqlarda.
U zarbalar tafsilotlarini ochiqlamadi.
Juma oqshomida Shimoliy Karolinada o‘tkazilgan mitingga o‘xshash nutqida Prezident Tramp hujumlarni “juda muvaffaqiyatli” deb atadi.
“Biz besh yil avval Tramp ma’muriyati tomonidan tor-mor etilganidan keyin qayta tiklanishga urinayotgan Suriyadagi ISHID bezorilarini nishonga oldik”, — dedi u.
O‘tgan shanba kuni halok bo‘lgan askarlar Bashar Asad rejimi qulaganidan beri Suriyada halok bo‘lgan ilk amerikalik qurbonlar bo‘ldi. Ular Suriyaning markazidagi Palmira shahrida “Islomiy davlat”ga qarshi amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlayotgan paytda yolg‘iz qurollangan shaxs tomonidan hujumga uchragan, deya ma’lum qildi AQSh va Suriya rasmiylari.
Juma kungi AQSh zarbalari va kelgusi kunlarda davom etishi kutilayotgan aksilterror operatsiyalari AQShning Suriyadagi harbiy faoliyatida keskin eskalatsiyani anglatadi. Hozirda AQShning taxminan mingdan ortiq askar Suriyada xizmat qilmoqda. Qo‘shinlar sonining qisqartirilishi Asad hukumati qulaganidan keyin Suriyadagi xavfsizlik muhitining o‘zgarishi bilan bog‘liq edi.
Biroq o‘tgan hafta oxiridagi hujum mintaqadagi xavf qanchalik yuqori ekanini va AQSh qo‘shinlarini u yerda saqlab qolish masalasi qanchalik murakkabligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Hozircha hech bir guruh hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan. Biroq Pentagon va AQSh razvedka idoralariga ko‘ra, dastlabki baholashlar hujum ortida “Islomiy davlat” turganini ko‘rsatmoqda.
AQShning yuqori martabali razvedka rasmiylari Kongressga bu yil ma’lum qilishicha, ISHID Asad hukumati qulaganidan foydalanib, Suriyaning shimoli-sharqida qamoqda saqlanayotgan 9–10 ming jangarini va taxminan 26 ming nafar ularning oila a’zolarini ozod qilishga hamda yangi hujumlarni rejalashtirishga urinishi mumkin.
Hududni deyarli nazorat qilmayotganiga qaramay, ISHID yashirin hujralar va mintaqaviy filiallar orqali, shuningdek internetda radikal mafkurasini yoyishda davom etmoqda. O‘tgan yili guruh Eron, Rossiya va Pokistondagi yirik hujumlar uchun mas’ul bo‘lgan.
Amerikalik askarlarga qilingan hujumlar, shuningdek, yangi shakllanayotgan Suriya hukumati — Prezident Ahmad ash-Shara boshchiligidagi ma’muriyat duch kelayotgan muammolarni ham ochib berdi. Mamlakat qariyb 14 yillik fuqarolar urushidan chiqib kelmoqda.
Asad rejimini ag‘darib tashlaganidan so‘ng, ash-Shara ISHID va boshqa qurolli guruhlar tahdidi, shu bilan birga yangi milliy armiyani shakllantirish vazifasi bilan yuzlashmoqda.
U hokimiyatga kelganidan keyingi ilk oylar davomida AQSh Suriyaning cho‘l hududlarida joylashgan ISHID bazalariga o‘nlab havo zarbalari berdi va bu vaqtincha xavfni kamaytirgandek bo‘ldi. Ammo so‘nggi bir oyda, ayniqsa ash-Shara xalqaro ISHID ga qarshi kampaniyani ochiq qo‘llab-quvvatlaganidan keyin, hujumlar soni yana oshgan, deydi tahlilchilar.
Suriya tashqi ishlar vazirligi juma kuni kechqurun bergan bayonotida shunday dedi:
“Suriya Arab Respublikasi ISHID ga qarshi kurashga qat’iy sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi va uning Suriya hududida hech qanday xavfsiz makoni bo‘lmasligini ta’minlash uchun tahdid qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda harbiy amaliyotlarni kuchaytirishda davom etadi”.
Mamlakatning shimoli-sharqida faoliyat yuritayotgan kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari AQSh zarbalarini yuqori baholab, ularni “so‘nggi soatlarda Suriyadagi ISHID terrorchi tashkiloti yashirin joylariga berilgan zarbalar”, — deb atadi.
“Bu doimiy havo yordami tashkilot hujayralarining qayta tiklanishi va sabotaj faoliyatini tiklashining oldini olishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi”, — deyiladi bayonotda.
Mudofaa vaziri Hegset shanba kungi hujumni keskin qoralab, X (sobiq Twitter) tarmog‘ida shunday yozdi:
“Agar siz dunyoning istalgan nuqtasida amerikaliklarga hujum qilsangiz — hayotingizning qolgan qismini Qo‘shma Shtatlar sizni ovlab topishi va shafqatsizlarcha yo‘q qilishini bilgan holda o‘tkazasiz”.
Hujum oqibatida yana uch nafar amerikalik harbiy xizmatchi va ikki nafar suriyalik xavfsizlik kuchlari vakili yaralangan. AQSh rasmiylari hujumni pistirma deb baholadi.
Amerikalik askarlar — Ayova milliy gvardiyasi a’zolari — va tarjimonni o‘ldirgan suriyalik qurollangan shaxs Suriya xavfsizlik kuchlari safida bo‘lgan va ekstremistik qarashlari sabab ishdan bo‘shatilishi kutilayotgan shaxs ekani ma’lum qilindi. Halok bo‘lgan askarlarning vatani sharafiga Pentagon juma kuni boshlangan operatsiyani “Hawkeye Strike” deb nomladi.
AQSh harbiy rasmiylariga ko‘ra, bu zarbalar iyul oyidan buyon Suriyada o‘tkazilgan qariyb 80 ta terrorchilikka qarshi missiyaning davomidir. Ular davomida ISIS qoldiqlari yo‘q qilingan.
Pentagon Markaziy qo‘mondonligi bu hafta bergan bayonotida so‘nggi bir yil ichida ISIS AQSh hududiga qarshi kamida 11 ta hujum yoki fitnani ilhomlantirganini ma’lum qildi. Javoban, oxirgi olti oyda 119 nafar isyonchi qo‘lga olingan, 14 nafari yo‘q qilingan.
O‘tgan oy AQSh harbiylari va Suriya xavfsizlik kuchlari Suriyaning janubida 15 dan ortiq ISIS qurol omborlarini aniqlab, yo‘q qilgan. Operatsiyalar davomida 130 dan ortiq minomyot va raketalar, ko‘plab miltiqlar, pulemyotlar, tankka qarshi minalar hamda qo‘lbola portlovchi moslamalar tayyorlash uchun materiallar yo‘q qilingan.
O‘tgan shanbadagi hujumdan so‘ng, hamkor kuchlar Suriyada va Iroqda ISIS nishonlariga qarshi 10 ta reyd o‘tkazib, taxminan ikki nafar jangarini yo‘q qildi. Eng muhimi, bu reydlar juma kungi zarbalar uchun nishonlarni aniqlashga yordam bergan muhim razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritish imkonini berdi, dedi AQSh rasmiysi.
Damashqdan Abdi Latif Dahir va Reham Mourshed, Bayrutdan esa Hwaida Saad xabar berdi.


