AQSh prezidenti Donald Tramp fuqarolikka qabul qilingan immigrantlar AQSh fuqarolariga qarshi firibgarlikda ishtirok etgani aniqlansa, ularning fuqaroligi bekor qilinishini e’lon qildi. Bu haqda u Michigan shtatining Detroyt shahrida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi deb xabar berdi TASS.
Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur chora, xususan, Somali yoki boshqa davlatlardan kelib, AQSh fuqarolarini aldaganlikda ayblanayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
“Agar kimdir Amerikaga amerikaliklarni talash uchun kelgan bo‘lsa, biz uni qamoqqa olamiz va kelgan joyiga qaytarib yuboramiz. Fuqarolarimizni aldaganlikda ayblangan har qanday fuqarolikni olgan immigrantlarning fuqaroligini bekor qilamiz”, — dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati fuqarolar xavfsizligi va moliyaviy manfaatlarini himoya qilish uchun immigratsiya siyosatini yanada qat’iylashtirishda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda AQSh Davlat departamenti 100 mingdan ortiq xorijiy vizani, jumladan, qariyb 8 ming talaba vizasini bekor qilgani haqida xabar berilgandi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda, Jo Bayden ma’muriyati davrida bekor qilingan vizalar sonidan ikki baravar ko‘pdir.


