AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Afrika davlatlariga turne uyushtirdi. Safari davomida u qitʼa mamalkatlarini Rossiya bilan aloqalar oqibatidan ogohlantirdi.
"Rossiya o‘z qishloq xo‘jalik mahsulotlari va o‘g‘itlariga qarshi sanksiyalar narx-navoning ko‘tarilishiga olib kelganini aytmoqda. Shuni maʼlum qilamanki, biz bu turdagi tovarlarga cheklov qo‘ymaganmiz. Moskva o‘z qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishi, boshqa davlatlar esa uni sotib olishi mumkin", — degan elchi Ugandadagi chiqishida.
Shu bilan birga diplomat taqiqlar ostidagi mahsulotlarni sotib olish oqibatlaridan ogohlantirgan. Tomas-Grinfild buni amalga oshirgan davlatlarga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishini maʼlum qilgan.
BBC maʼlumotlariga ko‘ra, Afrika davlatlari Ukraina mojarosida Moskvani ochiq qoralamayapti. Bunga ularning mustamlaka o‘tmishi va G‘arbga bo‘lgan ishonchning pastligi sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Afrika mamlakatlari elitasining aksariyati Rossiyada taʼlim olgan.
Avvalroq Moskva va Pekin Afrikadagi pozitsiyalarini mustahkamlayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


