Avstraliyaning janubi-sharqidagi Viktoriya shtatida uchta yirik o‘rmon yong‘ini sabab favqulodda holat e’lon qilindi. Bosh vazir Jasinta Allan 18 ta munitsipalitet va chang‘i kurortlarini qamrab olgan hujjatni imzoladi. Bu haqda Redaktor.az xabar bermoqda.
Favqulodda holat hukumatga aholini majburan evakuatsiya qilish, hudud ichidagi harakatni cheklash va xususiy mulkdan yong‘inlarni o‘chirish uchun foydalanish huquqini beradi.
Yong‘inlar tez tarqalayotgani bois, hukumat aholini himoya qilishni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Hozirda uch kishi bedarak yo‘qolgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, haftaning o‘rtasida yuzaga kelgan yong‘inlar 300 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan va hozir ham shtatda 10 ta yirik yong‘in davom etmoqda.
Avstraliyaning boshqa hududlarida esa ob-havo sharoiti teskari: Yangi Janubiy Uels va Sidneyda eng issiq kunlar kuzatilmoqda, Kvinslend hududida esa tropik siklon xavfi sababli suv toshqini haqida ogohlantirish berilgan. Viktoriya shtati dunyodagi yong‘inlar eng ko‘p uchraydigan hududlardan biri bo‘lib, hozirgi ofat 2009-yildagi “Qora shanba” fojiasi bilan taqqoslanmoqda.
Olimlar ta’kidlaganidek, bu mavsumdagi tutun allaqachon Argentina qirg‘oqlarigacha yetgan va ekologik ofatning global miqyosini ko‘rsatmoqda. Hozirgi yong‘inlar 2019-20-yillardagi “Qora yoz”dan beri shtatdagi eng katta ofat bo‘lib, o‘shanda Turkiya kattaligidagi hudud vayron bo‘lgan va 33 kishi halok bo‘lgan edi.


