“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Bu DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Xususan, “Buxoro – Qorako‘l” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Gentra” rusumli avtotransport vositasi Jondor tumani hududida to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshirildi.
Tekshiruv davomida avtomashina salonida Qorako‘l tumanida yashovchi 1969-yilda tug‘ilgan shaxs hamda 1973-yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosiga tegishli bo‘lgan sof vazni 4 kilogramm 715 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi va u protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik moddasi avvalroq narkokuryerlar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan va Buxoro shahri hududida yashirin joyga joylashtirilgan bo‘lgan. Gumonlanuvchilar ushbu moddani aynan shu joydan olib ketayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) hamda 25, 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.


