Buyuk Britaniya hukumati mamlakatdagi masjidlar va musulmon diniy markazlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida 10 million funt sterling (taxminan 13,3 million dollar) miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratadi.
Bu haqda Britaniya hukumati matbuot xizmati bayonotida ma’lum qilindi.
Ajratilgan mablag‘ videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish, signalizatsiya vositalarini yangilash, himoya panjaralarini qurish va xavfsizlik xizmatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Ushbu tashabbus o‘tgan yili masjidlar xavfsizligini ta’minlash uchun ajratilgan 29,4 million funt sterlinglik dastur doirasining davomidir.
Qaror Bosh vazir Key Starmerning Angliyaning Pishaven shahridagi masjidga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan. Ma’lum qilinishicha, ushbu masjid oktabr oyi boshlarida noma’lum shaxslar tomonidan yoqib yuborilgan edi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, yangi mablag‘ diniy maskanlarda tinchlik, bag‘rikenglik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan kompleks choralar tizimini yanada mustahkamlaydi.


