Eron Isfaxonda yangi yadro reaktori quradi. Bu haqda mamlakat atom energetikasi bo‘yicha markaz direktori Muhammad Islomiy maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ular sinov qurilmalari bo‘lib, bu yerda boshqa reaktorlar uchun yadro yoqilg‘ilari testdan o‘tkazadi.
Fars axborot agentligi esa Tehron yadro elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 10 ming megavattga yetkazmoqchi ekanini qayd etgan. Shuningdek, Eron janubida yangi yadro obyektlari qurilishi uchun hududlar o‘rganilayotgani taʼkidlangan.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.
Avvalroq Eronda yadro qurolini yaratish uchun barcha imkoniyat borligi ochiqlangandi.


