Davlatimiz Rahbari huzurida joriy yilning 11-avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bozorda yashirin iqtisodiyotning ulushi 35 foizni tashkil etayotgani ta’kidlangan edi.
Demak, ayni raqam yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni tezkorlik bilan bartaraf etishni taqozo etadi. Bu esa bojxona organlari oldiga ham qator vazifalarni qo‘yadi.
Bojxonada yashirin iqtisodiyot bir nechta ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, katta yoki kichik partiyada ekanligidan qat’i nazar tovarlarni respublika hududiga noqonuniy ravishda olib kirish yashirin iqtisodiyotni “rag‘batlantiruvchi” omillardan biridir.
Bu eng avvalo, qo‘shilgan qiymat zanjiriga, davlat byudjetiga bojxona to‘lovlari tushumiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ichki bozorga raqobat muhitini izdan chiqaradi, sifati kafolatlanmagan tovarlar oxir-oqibat iste’molchi manfaatlariga ziyon yetkazadi.
Yaqinda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining Shaxsiy xavfsizlik sho‘basi, Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi va "Qo‘qon" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan aniqlangan qator qonunbuzilishi holatlariga e’tibor qaratamiz.
Xorijdan Qo‘qon shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan tovarlarning “Xavflarni boshqarish tizimi”da “qizil” yo‘lakka tushgani bejizga emas ekan.
Ko‘rik davomida aniqlanishicha, bojxona yuk deklaratsiyasiga avtomobil o‘rindiqlari uchun mo‘ljallangan 600 dona jildning tashqi savdo kodlari noto‘g‘ri kiritilgan, 2000 dona dazmol esa hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lib chiqdi.
Bu hali hammasi emas. Qaranki, 432 dona atir va 153 ming dona leykoplastir tibbiyot buyumi bojxona yuk deklaratsiyasida umuman qayd etilmagan ekan.
Shu zaylda yuk egalari qiymati 1 mlrd 155 mln so‘mdan ziyod bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga urinishining oldi olindi.
Modomiki, mazkur tovarlar qonuniy tartiblarda olib kirilganida edi, davlat byudjetiga qo‘shimcha 150 mln so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lar edi.
Navbatdagi holat ham “Qo‘qon” TIF bojxona postida aniqlandi. Bu gal tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga keltirilgan va hujjatlarda 7 turdagi 28 tonna deb ko‘rsatilgan tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Natijada tovarlar orasidagi velosiped g‘ildiraklari uchun mo‘ljallangan 20 ming dona rezina kameralari bojxona yuk deklaratsiyasida umuman ko‘rsatilmagani ma’lum bo‘ldi.
Qiymati 180 mln. so‘mlik mazkur tovarlar belgilangan tartibda import qilinganida, davlat byudjetiga qo‘shimcha 20 mln. so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lar edi.
Tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi kodini bojxona yuk deklaratsiyasida to‘g‘ri qo‘llash davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri va to‘liq undirishga xizmat qiladi.
Shunday tovarlar bor-ki, ular o‘xshash bo‘lsa-da, turlicha kodlar bilan tasniflanadi. Shu boisdan ularning import bojxona stavkalari ham turlicha belgilanadi.
Ayrim shaxslar esa mazkur o‘xshashlikdan ustomonlik bilan foydalanishga urinishib, yuqori stavkali tovarlarni go‘yo past stavkali tovarlar tarzida olib kirmoqchi bo‘lishadi.
Masalan, viloyat bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida aniqlangan holatga e’tibor qaratamiz.
Tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga chetdan keltirilgan 2876 dona monitorlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, mazkur tovarlar deklaratsiyada ko‘rsatilganidek, “suyuq kristalli displey” emas, aksincha “suyuq kristalli rangli monitor” ekani aniqlandi.
Qiymati 2,6 mlrd. so‘mdan ziyod bo‘lgan mazkur monitorlar rasmiy import qilinganida, davlat byudjetiga qo‘shimcha 350 mln so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lar edi.
Ahmiyat bersangiz, atigi 3 ta holatda davlat byudjetiga 520 mln so‘mlik tushumlar tushmay qolishining oldi olindi. Bu shunchaki raqam emas!
Aytaylik, ushbu mablag‘ hisobiga yoshga doir eng kam pensiya oladigan 44 nafar yurtdoshimizni bir yil davomida pensiya bilan ta’minlash mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan 1,2 mingdan ziyod kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 55,4 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanishiga chek qo‘yildi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.
Shavkat Satiboldiyev
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari


