Farg‘ona viloyati Furqat tumanida Damas avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashishi natijasida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Damas haydovchisi oraliq masofani saqlay olmagani sababli baxtsiz hodisa yuz bergan.
YTH natijasida Damas avtomobili jiddiy shikastlangan, haydovchi va yo‘lovchilar esa zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, shifoxonaga ikki nafar jasad hamda og‘ir ahvoldagi bemor olib kelingan. Jabrlanuvchi keyinchalik Qo‘qon shahriga reanimatsiya bo‘limiga yuborilgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda. Jinoyat kodeksining 266-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


