Hafta o'rtasida "Real Madrid" Chempionlar ligasida "Lill"ga mag'lub bo'ldi. Anchelotti o'yindan so'ng quyidagi fikrlarni bildirib o'tdi: “Biz har tomonlama yomon o'ynadik. Hech qanday imkoniyat yaratmadik, to‘pga egalik qilishda sekin harakat qildik, o'yin haqida boshqa hech narsa deya olmayman”. Shundan so'ng muxlislar "Real"dan navbatdagi bahsda munosib g'alaba kutishgandi. Negaki, jamoa agar “Vilyareal”ga ham yutqazib qo'yganida Ispaniya chempionatida kamida uchinchi o‘ringa tushib ketardi.
“Bernabeu”dagi o‘yinning dastlabki 15 daqiqasida jamoalar nisbatan keskin harakatlarni amalga oshirmadi. Ikkala jamoa ham ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Ammo, "Real Madrid" kutilmaganda yarim imkoniyatdan ham unumli foydalanib ketishini bu safar ham namoyish etdi. 14-daqiqada Modrichning burchak to'pidan so'ng Valverde uzoq burchakni nishonga olib jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Bu gol "Real"ga ishonch bag'ishladi. Keyinchalik mezbonlar raqib bosimini sezmay, to'pni bemalol nazorat qilishdi. Hujumlar asosan Vinisiusning qanoti orqali amalga oshirildi. "Real Madrid" sxemasi umuman simmetrik emasligi ma'lum bo'ldi. O'ng qanot himoyachisi umuman yo'q edi. Ba'zida Modrich bu qanotga o'tib harakat qildi. Garchi Karvaxal tez-tez hujumlarga qo'shilishi kerak edi.
Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Anchelotti ikki marta almashtirishni amalga oshirdi. Mbappe va Kamavinga o‘rniga Rodrigo va Militaoni maydonga tushirdi. Sxemada esa hech qanday o'zgarish kuzatilmadi. Tchuameni markaziy himoyadan yarim himoyadagi biroz tanish pozitsiyaga o'tdi va Rodrigo hujumning chap qanotini egallab, Vinisiusni hujum markaziga o'tkazdi. Aynan shu o'zgarishlar tufayli Vinisius to'pni darvoza oldida qabul qilib olIshni boshladi. Unda endi qanotdagidek bo'sh joy qolmadi, shuning uchun forvard endi ko'proq uzoq masofadan zarba berishga qaror qildi. Ana shunday zarbalardan biri ajoyib gol bilan yakunlandi. Valverde bu safar golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Bu “Vilyareal” o‘yinni yomon o‘tkazdi, degani emas. Marselino shogirdlari madridliklarga qarshi qandaydir yurishlarni qilib ko'rdi. Biroq, "Real"ning raqib darvozasiga yo'llagan ikkita zarbasi ham gol bilan yakunlandi. Shu tariqa Madrid jamoasi turnir jadvalida "Barselona"ga yetib oldi, har ikki jamoada ham 21 ochko bor, ammo "Barselona" bitta kam o'yin o'tkazgan.
Uchrashuv yakunida muhim epizod yuz berdi. Bu natijaga ta'sir qilmadi, lekin "Real"ning keyingi o'yinlariga ta'sir qilishi mumkin. 90+3-daqiqada Karvaxal kutilmaganda raqibi bilan to'qnashuv natijasida jiddiy jarohat oldi. Himoyachini darhol jamoadoshlari o‘rab olishdi. U maydonni birozdan keyin zambilda tark etdi. Jarohat qanchalik jiddiy ekanligi hozircha aniq emas. Bu Karvaxal yilni ajoyib o'tkazayotgan va "Real Madrid" bilan qayta shartnoma imzolash arafasida turgan bir paytda yuz berdi.


