Germaniyaning Frankfurt shahrida jahon farmatsevtika sanoatining eng yirik va nufuzli xalqaro maydonlaridan biri — “CPhI Worldwide – CPhI Frankfurt 2025” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston bu yil ilk bor Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan milliy stend formatida ishtirok etmoqda. Milliy pavilyonda mamlakatning yetakchi beshta farmatsevtika kompaniyasi o‘zining innovatsion mahsulotlari, yangi ilmiy ishlanmalari va texnologik yechimlarini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etmoqda.
ToshVZITI (Toshkent Vaksina va Zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti) vakillari ham milliy delegatsiya tarkibida ishtirok etib, institutning ilmiy salohiyati, biotexnologik ishlanmalari va xalqaro hamkorlikdagi tajribasini taqdim etmoqda. Ushbu ishtirok — mahalliy ilmiy ishlanmalarning jahon farmatsevtika hamjamiyatiga integratsiyalashuvi yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.
“CPhI Frankfurt 2025” — global farmatsevtika industriyasining markaziy platformalaridan biri. O‘zbekistonning ishtiroki esa milliy farmatsevtika tarmog‘ining xalqaro bozorlarga chiqishi, eksport salohiyatining ortishi hamda ilmiy-texnologik hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.


