1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Harbiy sanʼatda inqilob yasagan dronlar: nima uchun uchuvchisiz qurilmalarni ishlab chiqarishga eʼtibor qaratish kerak?

So‘nggi yillardagi harbiy mojarolar dronlarning o‘ta samarali vositalar ekanini ko‘rsatdi.

Harbiy sanʼatda inqilob yasagan dronlar: nima uchun uchuvchisiz qurilmalarni ishlab chiqarishga eʼtibor qaratish kerak?

 

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrifi davomida mutasaddilarga dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, havo mudofaasini yangi pog‘onaga ko‘tarish, tajriba tariqasida uchuvchisiz qurilmalar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

 

Qayd etish lozimki, o‘tgan yili Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda “Lochin” uchuvchisiz uchish apparatini ishlab chiqarish boshlanganini maʼlum qilgandi. Ushbu dron bir qancha maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangani — razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, maʼlumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajarishi aytilgandi. Bundan tashqari, undan qishloq xo‘jaligi, neft va gaz, o‘rmon xo‘jaligi, temir yo‘llar, geologiya, qidiruv sohalarida kartografiya, topogeodeziya, ekinlarni defoliatsiya qilish, qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma hamda muhim obyektlarni kuzatib borish va boshqa maqsadlarda foydalanish mumkinligi taʼkidlangandi.

 

Agar XX asrda davlatlar asosiy eʼtiborni qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar ishlab chiqarishga qaratgan bo‘lsa, XXI asrda bu eʼtibor dronlarga qaratilmoqda.

 

Harbiy sanoat tizimida uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi 10 yilda yuz bergan harbiy nizolarga eʼtibor qaratilsa, dronlarning davlatlar mudofaasida katta o‘rin tutayotganini ko‘rish mumkin.

 

Masalan, 2020 yilda Ozarbayjonning Qorabog‘ni ozod qilish bo‘yicha harakatlarini olsak. Armaniston bo‘linmalar bilan to‘qnashuvlarda aynan hujumkor uchuvchisiz qurilmalar ozarbayjonliklarga katta ustunlik berdi. Urushdan keyin NATO davlatlari kelajakdagi to‘qnashuvlarda dronlardan foydalanish ssenariylarini o‘rganishga kirishdi.

 

Rossiya-Ukraina mojarosi ham dronlarning naqadar qimmatli vosita ekanini ko‘rsatib berdi. Bu texnika harbiy sanʼat tarixida tom maʼnoda inqilob yasadi. Razvedka, havodan zarbalar, havo hujumiga qarshi kurash tizimlarini chalg‘ituvchi manyovrlar, artilleriya zarbalari uchun koordinatalarni aniqlash — bularning barchasi masofaviy amalga oshirilmoqda.

 

Yana bir muhim tomoni — dronlarning boshqa harbiy texnikalarga nisbatan arzonligi. Masalan, yanvar oyida The New York Times Ukraina Rossiyaning 20 ming dollarlik uchuvchisiz qurilmalarini eng kamida 140 ming dollarlik raketalar bilan urib tushirayotganini yozgandi. Harbiy harakatlarda minimal xarajatlar bilan dushmanga maksimal darajada zarar yetkazish eng muhim nuqtalardan sanaladi. Shu nuqtayi nazardan dronlarni zamonaviy harbiy texnikalar ichida eng “cho‘ntakbop” qurilma deyish mumkin.

 

Armiyani zamonaviy texnika bilan taʼminlash davr talabi. Jahonda yuz berayotgan harbiy nizolar, mavjud tahdidlarni hisobga olgan holda qurolli kuchlarni mustahkamlash barqarorlikni taʼminlash, tinch taraqqiyotni davom ettirishga yo‘l ochadi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика