
Unda aytilishicha, joriy yilning 2 martidan 3 martiga o‘tar kechasi Buvayda tumani “Yangiqishloq” mahallasida yashovchi 19 yoshli fuqaro o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sabab Oqtepa qishlog‘ida yashovchi homilador ayoli va qaynotasini chopqi bilan chopib tashlagan.
Og‘ir tan jarohati olgan qaynotasi ko‘rsatilgan birinchi tez tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan. Qotil yigitning homilador ayoli esa jonlantirish bo‘limiga yotqizilib, hayoti saqlab qolingan.
Tibbiy ekspertizaning 2021 yil 26 martdagi xulosasiga ko‘ra, marhum qaynotaning bosh miyasi ochiq shikasti, kalla suyaklarining sinishi, miya yumshoq pardalari osti va miyaga qon quyilishi, bosh miyasi lat yeyishi uning o‘limiga sabab kelgan.
Mudhish jinoyatni sodir etgan shaxs Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari, yaʼni aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish va 25, 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining 2021 yil 17 avgustdagi hukmi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Qarshida bar xodimi mehmonni pichoq bilan o‘ldirgani, Qamashida 17 yoshli qiz qo‘shni yigitni 29 marotaba pichoqlagani hamda Buxoroda yuz bergan mudhish qotillik haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


