Xitoy hukumat vakillari TikTok‘ning AQSHdagi bo‘linmasini Ilon Maskka sotish variantini muhokama qilmoqda. Bu haqida Bloomberg nashri xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Xitoy rasmiylari TikTok taqdirini Donald Tramp maʼmuriyati bilan muloqot rejalari doirasida muhokama qilmoqda. Bu ijtimoiy tarmoqning AQSHda bloklanishining oldini olishga qaratilgan. Ammo unga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasi yoki Ilon Maskning bu jarayonga jalb qilingani nomaʼlum.
"Agar bunday kelishuv amalga oshsa, TikTok Maskka tegishli bo‘lgan ijtimoiy tarmoq X (sobiq Twitter) nazorati ostiga o‘tishi mumkin. Bundan tashqari, Maskning sunʼiy intellekt bilan shug‘ullanadigan xAI kompaniyasi TikTok tomonidan to‘plangan ulkan hajmdagi maʼlumotlar dan foyda olishi mumkin", deb yozadi Bloomberg.
Xitoy hukumati Tramp maʼmuriyati bilan tariflar va eksport nazorati masalalariga oid "murakkab muzokaralar" olib borishi kerak bo‘ladi. TikTok bo‘yicha kelishuv tomonlar o‘rtasida murosaga erishishning potensial sohalardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
"Muhokamalar TikTok‘ni taqiqlash bo‘yicha AQSH Oliy sudiga kiritilgan daʼvo fonida olib borilmoqda. TikTok‘ning Qo‘shma Shtatlarda taqiqlanishi to‘g‘risidagi qaror 19 yanvar kuni, yaʼni Trampning AQSH prezidenti lavozimiga kirishishidan bir kun oldin kuchga kiradi. Tramp ushbu qarorni muzokaralarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun kechiktirishga uringan", deb eslatadi agentlik.


