Indoneziyaning Yava orolida 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” agentligi xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida kamida 46 kishi halok bo‘lgan, yana 700 kishi jarohatlangan. Yaradorlarning ko‘pchiligi qulagan binolar ostidan olib chiqilgan.
Shuningdek, zilzila natijasida o‘nlab binolar, jumladan, islom maktab-internati, kasalxona va boshqa davlat muassasalari vayron bo‘lgan. Qurbonlar soni yana ortishi mumkin.
Yer silkinishlari Indoneziyada tez-tez sodir bo‘ladigan hodisadir, biroq mamlakat poytaxti Jakartada kamdan-kam seziladi. Bu safar poytaxtda ko‘p qavatli uylar chayqaldi, ayrim aholi punktlari evakuasiya qilindi.


