Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Qonun loyihasi bilan ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda.
Jumladan, axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgani uchun davlat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni hamda jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan Mehnat kodeksining 11-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi”, degan so‘zlar bilan to‘ldirilmoqda.
Deputatlarning taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlanishida qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi. Mehnat kodeksi bilan yangi qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlik taʼminlanadi.
Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.


