Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
2022-yilda xizmatlar sohasida 120 mingdan ortiq yangi loyihani ishga tushirish, xizmatlar hajmini 435 trillion so‘mga yetkazish (o‘tgan yili 283 trillion so‘m bo‘lgan) hamda sohada 1,5 million ish o‘rni yaratish reja qilingani taʼkidlandi.
“Lekin ayrim tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ishlarni to‘g‘ri tashkil eta olmayapti.
Misol uchun, xizmatlar sohasida yanvar-may oylarida 756 ming ish o‘rni yaratildi. Lekin, ish o‘rinlarining atigi 232 mingtasi yoki 31 foizi yangi obyektlarda yaratilgan.
Qolgan 510 mingta ish o‘rni o‘zini o‘zi band qilganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda”, - dedi Prezident.
Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlari natija ko‘rsatgani, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryodagi ishlar ahvoli esa qoniqarsiz ekani taʼkidlandi.
Yig‘ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – yer, bino va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarildi, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etish uchun qo‘yilgan.
Bunda, 63 ta tuman va shaharda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalarining soni 100 tadan ko‘p bo‘lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham yetmaydi.
Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon, Xiva, Urganch shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo‘yilgan yerlar soni 10 tadan oshmaydi.
Shu bois, faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga nisbatan oxirgi marotaba hayfsan berish, ushbu tuman va shahar hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi.


