Isroil qo‘shinlari ikki kun davom etgan keng ko‘lamli harbiy amaliyotni yakunladi. Bu haqda Isroil armiyasi vakiliga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi. Isroil harbiylari terrorchi guruhlarni, ularning Jenin shahrida joylashgan qo‘mondonlik markazini hamda qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar omborlarini nishonga olganini daʼvo qilmoqda.
Reuters agentligiga ko‘ra, Jenin shahrida qochqinlar lageri mavjud bo‘lib, u yerda Falastinning turli harbiylashtirilgan, jumladan, islomiy harakati Xamas va «Islomiy jihod» guruhining yuzlab jangarilari istiqomat qiladi.
Falastin tomoniga ko‘ra, Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan buyon 12 falastinlik halok bo‘lgan, ulardan kamida besh nafari jangarilardir, 100 dan ortiq kishi yaralangan. Shuningdek, Isroil o‘z askarlaridan birining o‘lganini eʼlon qildi.


