AQSHning Las-Vegas shahrida tashkil etilgan professional boks oqshomida super yarim o‘rta vazn toifasida ringga chiqqan Isroil Madrimov navbatdagi muvaffaqiyatini qayd etdi. U Dominikan Respublikasi vakili Luis David Salazarga qarshi o‘tkazilgan jangda to‘liq 10 raund davomida ustunlikni saqlab qoldi.
Bahs yakunida hakamlar bir ovozdan (99:91, 99:91, 99:91) g‘alabani Madrimovga berishdi. Jang davomida o‘zbekistonlik bokschi texnik va taktik jihatdan raqibidan ustun bo‘lib, tashabbusni qo‘ldan boy bermadi. Ushbu jangda unga O‘zbekiston ayollar boks terma jamoasi bosh murabbiyi, sobiq bokschi Elshod Rasulov hamrohlik qildi.
30 yoshli Isroil Madrimov shu paytgacha professional ringda 14 ta jang o‘tkazib, 11 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat va 2 ta durang natija qayd etgan. Luis David Salazar uchun esa bu faoliyatidagi ikkinchi mag‘lubiyat bo‘lib, uning hisobida 20 ta g‘alaba mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Madrimov avvalroq — 2025-yil 23-fevral kuni Saudiya Arabistonida WBC Interim chempionlik kamari uchun amerikalik Verjil Ortisga qarshi jang qilib, hakamlar qarori bilan imkoniyatni boy bergan edi. Las-Vegasdagi ushbu g‘alaba esa uning chempionlik poygasiga qaytayotganini ko‘rsatmoqda.


