Isroil Tel-Avivdan Istanbulga 16 yil ichida birinchi yo‘lovchi samolyotini jo‘natdi. Layner Turkiyaga 165 nafar yo‘lovchi, shuningdek, yaqinda yuz bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun insonparvarlik yordamini yetkazib berdi.
Isroil yo‘lovchi reysining Turkiyaga jo‘nab ketishi munosabati bilan "Ben Gurion" aeroportida transport va yo‘l xavfsizligi vaziri Miri Regev va Turkiya elchisi Shakir O‘zkan Torunlar ishtirokida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Yaqin haftalarda Isroilning yana ikkita yirik aviatashuvchisi El Al va Arkia parvozlarga qo‘shiladi. Turkiyaning boshqa shaharlari, birinchi navbatda, Antaliya bilan aloqa o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Isroil aviakompaniyalarining Turkiyaga parvozlari 2007 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchilik tufayli to‘xtatilgan edi.


