Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari tashabbusi bilan Istanbul shahrida O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktabi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Mazkur marosimda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda vazirlikning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
600 o‘rinli ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasining xorijda tashkil etilayotgan ilk davlat umumta’lim maktabi hisoblanadi. Maktabda o‘quv jarayoni o‘zbek tilida, O‘zbekistonning amaldagi umumta’lim dasturlari asosida olib borilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va strategik sheriklikning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.


