Qo‘shma Shtatlar Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga nisbatan “narkoterrorizm” bo‘yicha rasmiy ayblovlar e’lon qildi. Bu haqda AQSh bosh prokurori Pamela Bondi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Oxu.Az.
Unga ko‘ra, Nikolas Maduro va Siliya Flores Nyu-York shtatining Janubiy okrugi sudi (SDNY) tomonidan ayblanmoqda.
Ayblovlar qatoriga narkoterrorizmni amalga oshirishga qaratilgan fitna, kokainni noqonuniy import qilishga urinish, qurol-aslaha va portlovchi moslamalarni saqlash, shuningdek Qo‘shma Shtatlarga qarshi qurolli faoliyatni rejalashtirish kiradi.
Pamela Bondi ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida Maduro va uning rafiqasi yaqin orada AQSh sudida javobgarlikka tortilishini bildirib, Donald Trampga qat’iyatli siyosati uchun, shuningdek harbiy xizmatchilarga “xalqaro giyohvand moddalar savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni qo‘lga olish bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiya” uchun minnatdorchilik bildirgan.
Shu bilan birga, Clash Report nashrining yozishicha, ish AQSh federal qonunchiligida ayrim hollarda o‘lim jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar ko‘riladigan sud okrugida olib borilmoqda.
Xususan, narkoterrorizm va terrorizm bilan bog‘liq ayrim moddalarda Federal o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonun qo‘llanilishi mumkinligi qayd etilgan.
Siyosiy tahlilchilar Maduroning kelgusidagi taqdiri uning qayerga olib ketilgani bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlashmoqda.
Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti dotsenti Ivan Pyatibratovning fikricha, agar Maduro AQSh hududida bo‘lsa, u sud jarayoniga tortilishi va eng og‘ir jazoga duch kelishi ehtimoldan xoli emas.
Boshqa taxminlarga ko‘ra, Maduro uchinchi davlatga deportatsiya qilingan bo‘lishi ham mumkin. Bu holatda AQSh tomonidan hokimiyatdan chetlatish evaziga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv bo‘lgani ehtimoli istisno etilmaydi. Mutaxassislar Venesuelaga qarshi harbiy amaliyotlar deyarli qarshiliksiz kechgani ushbu versiyani kuchaytirishini qayd etmoqda.


