Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida nutq so‘zlab, qardosh Ozarbayjon Respublikasining ushbu formatga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishini tarixiy qaror sifatida baholadi. Davlat rahbari fikricha, bu qadam ikki mintaqa o‘rtasida strategik ko‘prik barpo etib, hamkorlik uchun yangi ufqlar ochadi.
Prezident mintaqada savdo-iqtisodiy va transport-logistika salohiyatini oshirish, xavfsizlikni ta’minlash, suv resurslari va ekologiya bilan bog‘liq muammolarni hamkorlikda hal qilish muhimligini ta’kidladi. U 2035-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli savdo hamkorligi dasturini ishlab chiqish va yagona investitsiya makoni yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, Mirziyoyev “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li hamda Transafg‘on transport yo‘lagining mintaqa kelajagi uchun strategik ahamiyatiga urg‘u berdi. Afg‘onistonni infratuzilmaviy loyihalarga faol jalb etish Markaziy Osiyo barqarorligining muhim omili ekani qayd etildi.
Sammit yakunida Prezident Markaziy Osiyo davlatlarining birdamligi va do‘stligini mustahkamlash barcha tashabbuslarning bosh maqsadi ekanini ta’kidlab, 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvga Turkmaniston raislik qilishini olqishladi.


