Davlatimiz rahbari avvalo Payariq tumaniga borib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat etilib, duo o‘qildi.
"Ilohim, duolarimiz ijobat bo‘lib, Alloh yurtimizni tinchlik-osoyishtalikda saqlasin, fayzu baraka bersin. Mana, mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida turibmiz. Xalqimiz bilan birga shu kunlarga yetganimizga shukrlar aytamiz. Oldimizga yana katta-katta rejalar qo‘yganmiz. Buning uchun ikki karra ko‘proq harakat qilishimiz, yoshlar tarbiyasiga eʼtibor berishimiz kerak. Hamma sohada taʼlimni, bilimni oshirsak, natijalar yuqori bo‘ladi. Yoshlarimiz Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bekday bobolarimizga munosib bo‘lishini istaymiz", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Islom maʼrifati bo‘yicha, xuddi Buxorodagidek, Samarqandda ham namuna yaratish kerakligi taʼkidlandi. Allomalarimiz merosidan foydalanib, jaholatga qarshi maʼrifatni kuchaytirish, yoshlarni yot g‘oyalar taʼsiridan asrash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hozirgi kunda Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari pardozlash ishlari namunalarini ko‘zdan kechirdi.








