29-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda diplomatik vazifasini yakunlayotgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiyni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Mirziyoyev elchining O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.
“Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda. Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshdi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, davlat rahbari Saudiya Arabistoni Hukumatiga O‘zbekiston fuqarolarining Haj va Umra amallarini ado etishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Yusuf al-Utaybiyga O‘zbekiston – Saudiya do‘stlik va ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Elchi uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakat rahbariga minnatdorlik bildirdi.


