Moskvada yoqilg‘i quyish shoxobchasida voyaga yetmagan bola bilan nomaqbul harakat qilganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, hodisa Moskva halqa yo‘li bo‘yida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Bolasi bilan avtomobildan tushgan ayolga stansiya xodimi yaqinlashib, to‘rt yoshli bolaga o‘yinchoq berish niyatida gaplashgan. Biroq, u kutilmaganda bolaning labidan o‘pgan.
Voqeadan hayratga tushgan ona darhol politsiyaga murojaat qilgan. Huquqni muhofaza qilish organlari gumondorni shu yerning o‘zida qo‘lga olgan.
Aniqlanishicha, 51 yoshli erkak O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, u o‘z harakatini “beixtiyor yuz bergan” deya izohlagan. Tergov organlari jinoyat ishi qo‘zg‘atib, uni qamoqqa olish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritish rejasini bildirgan.


